AQSh Prezidenti Donald Trampning aytishicha, Amerikaning Isroildagi elchixonasini Tel-Avivdan Quddusga ko’chirish uning saylovoldi va’dasi bo’lgan va u va’dasining ustidan chiqdi.
14-may kuni ushbu voqeaga bir yil bo’ldi.
“Hashamatli elchixonamiz nafaqat Isroil bilan mustahkam aloqalarimizdan darak, balki va’dalarni bajarish va haqiqat uchun kurash muhimligini ham ko’rsatmoqda”, deyiladi Trampning “Twitter”dagi sahifasida.
AQSh prezidenti 2017-yil dekabrida Quddusni Isroilning poytaxti deb tan olishi ketidan elchixonani ham shu shaharga ko’chirdi. Isroil bu qarorni olqishlagan, arab davlatlari va boshqa musulmon davlatlar esa unga qarshi chiqib, mintaqa barqarorligi izdan chiqishini aytgan edi.
Biroq elchixona ko’chirilganining bir yilligida ko’cha namoyishlari yoki tanqidiy siyosiy bayonotlar qayd etilmadi. Xalqaro matbuot ham bu sanaga urg’u bermadi.
Tramp 2016-yilgi saylov kampaniyasi paytida Quddusni elchixonaga ko’chirishni maqsadlaridan biri sifatida e’tirof etgan edi. Unga ko’ra, prezidentlikka nomzodlar o’tmishda ham saylov kampaniyasi paytida shunday va’dalar bergan, biroq prezidentlikka saylangach, va’dalarini unutishgan.
Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu bu sanani AQSh elchisi Deyvid Fridmen bilan birga Quddusdagi mehmonxonada Isroilga xayrixoh amerikalik aktivist Mayk Evans tashkil etgan tadbirda nishonladi.
Evans taniqli injilchi nasroniy bo’lib, 2015-yilda Quddusda “Sion do’stlari” muzeyiga asos solgan.
AQShning bu qarorigacha hech bir mamlakat elchixonasini Quddusga ko’chirmagan edi. Boshqa davlatlar nazarida, Isroil va Falastin avvalo Quddus maqomini o’zaro hal qilishi kerak.
Falastin Quddusning asosan arablar yashovchi sharqiy qismini bo’lajak mustaqil davlatining poytaxti sifatida ko’radi. Sharqiy Quddus 1967-yil urushi paytida Iordaniyadan tortib olingan edi. Isroil Quddusning bo’linishiga qarshi va shaharni o’zining ajralmas va mangu poytaxti deb biladi.
Falastin matbuotiga ko’ra, bosh muzokarachi Soib Erekat Ramallohda AQSh delegatsiyasi bilan uchrashib, AQSh va Isroil siyosatlarini tanqid qilgan, bunday siyosat istilo va irqchilikning kuchayishiga olib borayotganini aytgan.
AQShning yangi elchixonasi 2018-yil mayida Quddusda ochilganida falastinliklar Isroil chegarasida namoyish qilib, tosh, olovli bomba otgan, to’siqdan o’tishga harakat qilgan. Isroil snayperlari o'shanda 60 odam, jumladan bolalarni o’ldirgan, yuzlab falastinlik yaralangan.