Kino orqali o'smirlarga yordam berayotgan tashkilot

  • Amerika Ovozi

Your browser doesn’t support HTML5

Kino va ruhiyat - Filmmaking as therapy

Qo’shiq yozish, rasm chizish yoki sahnada rol o’ynash o’tmishda og’ir musibatni boshdan kechirgan odam uchun shifo baxsh etishi mumkin.

Los-Anjelesdagi bir nodavlat tashkiloti kino san’ati orqali o’smirlarga yordam beradi.

Talaba rejissor Fernando Lopez birinchi filmini yaratdi. Undagi sahnalar shaxsiy hayotim bilan bog’liq, deydi u.

“Men uchun kino barcha hissiyotlarimni ifoda etish imkonini beradi. Yozish orqali bo’ladimi bu, aktyorlik mahorati yoki rejissorlik yordamidami, qalbimning bir burchagini ochib beraman”, - deydi yosh rejissor.

Lopez 17 yoshda. U “Ilk filmimiz” nomli kinokartinada suratga tushgan va rejissorlik qilgan. Film ikki yosh rejissor va ularning o’g’irlangan kamera atrofidagi tortishuvi haqida.

“Oxir-oqibat biz aslida bir-birimizdan farq qilmasligimizni tushunamiz. Har birimiz o’zimizni haq deb bilamiz”, - deydi Lopez.

Qizig’i shundaki, Lopez uchun onasining qamoqda o’tirgani film yaratishiga turtki bergan. Ungacha kamsuqum, o’zini gunohkor sezadigan yigit edi. Xuddi filmdagi qahramoni kabi.

Ikki yil oldin Lopez zo’ravonlikka botgan mahallalarda ulg’aygan yoshlarga ish topishda yordamlashuvchi “Janubiy Kaliforniya chorrahasi” nomli nodavlat tashkilotiga qo’shildi. Tashkilot qoshida rejissorlik kursi ham bor edi.

Kurs talabalari yoshlar muammolarini tasmaga tushirib, shaxsiy hayotlaridagi salbiy xotiralarga qarshi kurashadi.

“Ancha narsani tushunarkan kishi. Bir-birimizga boshqa nazar bilan qaray boshladik. Chunki shaxsiy masalalarni o’rtaga tashlashdan cho’chimaymiz. O’z hayotimiz bilan qiyoslaymiz, bir-birimizni qo’llab-quvvatlaymiz”, - deydi Lopez.

Drama shifokori Mimi Savaj qalbdagi yaralarni san’at orqali davolash tarafdori. Ammo his-tuyg’ular bilan faqat professional mutaxassis shug’ullanishi kerak, deydi u.

“Masalan, yoshlar yoki aqli zaif odamlar bilan ishlaganda, ularning hozirgi ahvoliga qarash kerak. Bu odamlar xotiralarga berilar ekan, qayta azob chekmasin, deymiz. Ular o’tmishni eslar ekan, yaralari yangilanmasligi kerak”, - deydi u.

Talabalar yaratgan filmlarda zo’ravonlik, oiladagi urush-janjallar, jonga qasd qilish, uysiz yashash, do’stlik masalalari ko’tariladi.

“Janubiy Kaliforniya chorrahasi” rahbari Pol Karilloning aytishicha, bunday dasturlarga ehtiyojmand yoshlar ko’p.

“O’nlab odamlarni eslayman. Ular bilan birga katta bo’lganmiz. Agar o’sha davrda shunday dastur bo’lganida, ular hozir tirik, ozodlikda yurardi”, - deydi u.

Fernando Lopez va kursdoshlari yaratgan filmlar Janubiy Los-Anjeles maktablarida namoyish qilinmoqda. Maqsad – o’smirlarga ruhiy yaralarni davolashda yordamlashish.