Oq uy va Kongress byudjet, soliqlar bo’yicha haliyam kelisha olmadi

  • Amerika Ovozi
Prezident Barak Obama Gavayidagi ta’tildan ertaroq Vashingtonga qaytib, Kongress bilan byudjet yuzasidan muzokaralarni davom ettiradi.

Your browser doesn’t support HTML5

Soliqlar ustida bahs/Shohruh Hamro


Kelishuvga erishish uchun atigi bir necha kun vaqt qoldi. 1-yanvardan barcha amerikaliklar uchun soliqlarning oshishi kutilmoqda.

Ikkiga bo’linib qolgan Kongress va Oq uy til topisha olmasa ijtimoiy-harbiy dasturlar ham avtomatik ravishda kesiladi. “Moliyaviy jarlik” deya nom olgan bu holat tanazzuldan endi tuzalayotgan iqtisodiyotga qattiq zarba bo’lishi mumkin.

Har qanday kelishuv 1-yanvarga qadar Kongressning har ikki palatasi tomonidan tasdiqlanib, prezident uni imzolashga ulgurishi kerak.

16 trillion dollarga yetgan qarzni qanday kamaytirish, byudjetni tartibga solish ustida muzokaralar bir necha yildan beri davom etmoqda, ammo samarasiz.

Ham respublikachilar, ham demokratlar moliyaviy jarlikni qanday bo’lmasin bartaraf etish kerak, deya jar solmoqda.

Prezident Obama va Vakillar Palatasi spikeri Jon Beyner boshchilik qilib kelayotgan muzokaralar o’tgan hafta to’xtab qoldi. Obama bilan til topisha olmagan respublikachilar o’z qonun loyihasini olg’a surdi.

Unda yiliga bir million dollargacha daromad qiladigan fuqarolarning solig’ini oshirsa bo’ladi deyiladi. Ammo Kongressning ultra-konservativ a’zolari unga qarshi chiqib, loyiha ovozga ham qo’yilmadi.

Prezident Obamaning taklifi shuki, yiliga 400 ming dollargacha daromad qiluvchi odamlar yangi yildan ko’proq soliq to’lay boshlashi kerak.

O’z partiyadoshlari qarshiligiga uchragan Jon Beynerning aytishicha, hammaga ma’qul bir taklif bilan chiqish endi Obama va demokratlar hukmron Senat bo’ynida.

Senatda ayrim respublikachilar yon berishga tayyor.

Senator Lindsi Grexem AQSh Gretsiya kabi og’ir ahvolga tushib qolmasligi uchun boylar solig’ini oshirishga ovoz beraman, deydi.

Demokrat senator Eymi Klobushar kabi qonunchilar nazarida esa kelishuv keng qamrovli bo’lishi, byudjetga og’ir tushayotgan ijtimoiy dasturlar islohotini ham o’z ichiga olishi zarur.

Prezident Obamaning oxirgi takliflaridan biri shu ediki, ikki partiya avvalo o’rtahol oilalar uchun soliqlarni oshirmaslik to’g’risida kelishib olsa bo’ladi. Boylar solig’ini alohida muhokama qilish mumkin.

“Amerikaliklarning 95 foizini ortiqcha soliqdan himoya qilaylik. Bu masalada muxolifat bilan fikrimiz bir axir”, - deydi u.

Siyosatdonlar fikricha, Kongress yangi yilda soliqlar oshib, saylovlarchilardan shikoyatlar yog’ila boshlaganidan keyin murosa qilishi mumkin.

Bu o’rtada, qimmatli qog’ozlar bozori alg’ov-dalg’ov bo’lishi turgan gap. Iste’molchilar xarajatni, bizneslar esa sarmoyani kamaytirsa, endi izga tushayotgan AQSh iqtisodiyoti yana jar yoqasiga kelib qoladi.