Amerikada dunyoning istagan yeridan olib kelingan mahsulotni topasiz, ayniqsa oziq-ovqat bobida. Hajm-ku katta, lekin sifat darajasi qanday? Oxirgi paytda mana shu savol ko’p o’rtaga tashlanmoqda.
Xaridor manfaati uchun kurashuvchi tashkilotlar davlatga yangi talablar qo’ymoqda. Ulardan biri shuki, AQSh hamkor mamlakatlar bilan mahsulot sifati haqida ochiq gaplashishi kerak.
Merilend shtatidagi oziq-ovqat do’konidamiz. Quruq meva va konserva mahsulotlari Xitoy, Tayvan, Gonkong, Singapurdan import qilingan.
Lekin xorijiy tovarlar xavotir ham uyg’otadi.
So’nggi oylarda AQSh va Meksikada yetishtirilgan pomidorlardan salmonellyoz topildi. Yevropa sabzavotlaridan Eshirixiya koli bakteriyasi chiqdi. Xitoydan esa achigan quruq sut import qilingani ma’lum bo’ldi. Tekshiruv kuchaydi.
Jekki Xan, Xitoy oziq-ovqatini inskpeksiya qiluvchi kompaniya xodimi. Yaqinda ochilgan, yuqori texnologiya bilan jihozlangan yirik laboratoriyada ish olib boradi.
“Xitoyda oziq-ovqat xavfsizligi nihoyatda jiddiy muammo. Buni hal etish kerak”.
Bu muassasa AQShning Oziq-ovqat va dori-darmon agentligi va Merilend Universiteti tomonidan ta’sis etildi. Inshoot, tabiiyki, bir necha million dollarga tushdi.
Elizabet Kalvi laboratoriya nazorati uchun mas’ul.
“Hamma olimlar uchun trening-mashqlar tashkil etish o’rniga biz bir necha nafarini o’rgatamiz. Ular o’z laboratoriyalariga qaytib, hamkasblarini ham o’qitadi”.
Rejaga ko’ra, har yili dunyoning turli mamlakatlaridan kelgan 200 olim laboratoriyada malakasini oshiradi. Oziq-ovqat xavfsizligi birinchi o’rindagi masalaga aylangan.
Import qilinayotgan oziq-ovqat mahsulotlari hajmi kun sayin oshib bormoqda.
So’nggi 10 yil ichida AQShga Afrikadan kelayotgan bunday tovar hajmi 227 foizga, Osiyo mamlakatlaridan 211 foizga, Janubiy Amerikadan 119 foizga oshdi.
Xaridor manfaati uchun kurashuvchi tashkilotlar xavotirda.
Erik Olson “Pew Health Group” deb nomlangan mana shunday muassasa rahbari. Uning fikricha, yangi laboratoriya - birinchi qadam.
“Trening bilan ish bitmaydi. Ko’proq mablag’ kerak. Hukumat e’tibori oshmasa bo’lmaydi. Ishlab chiqaruvchilar qonun-qoidalarga qat’iy rioya qilishi shart”.
Erik Olson asta-sekin oziq-ovqat xavfsizligi to’la ta’minlanishiga ishonadi. Bundan hamma birdek manfaat ko’radi, deydi mutaxassis.