AQSh Suriyaga jo'natayotgan qo'shimcha 250 harbiy mahalliy guruhlar bilan uchrashib, "Islomiy davlat" jangari guruhiga qarshi kurash bo'yicha suriyaliklarga maslahat beradi. Bu haqda Pentagon xabar berdi.
"Bu tanishish, aloqa o'rnatish va mahalliy kuchlarga qanday yordam bera olishimizni o'rganish maqsadida ham amalga oshirilyapti. Ularning ayrimlarini hali bilmaymiz. Qo'shimcha askarlarning asosiy vazifalari shulardan iborat", - dedi Pentagon matbuot kotibi Piter Kuk.
Avvalroq Prezident Barak Obama Suriyada maslahatchilik qilayotgan 50 AQSh askari oldiga yangi kuchlar yuborilayotganini ma'lum qilgan edi.
"Yangi kuchlar hozir qilinayotgan ishlarni yanada kengaytiradi. Ular to'g'ridan-to'g'ri janglarda qatnashmaydi. Front chizig'ida ham bo'lmaydi", - dedi Kuk.
Pentagonning aytishicha, Suriyadagi missiya, Iroqdan farqli o'laroq, boshlang'ich darajadagi tayyorgarlik amaliyotlari bilan cheklanadi. "Islomiy davlat"ga qarshi kurashni kuchaytirish maqsadida AQSh Bag'dodni eng so'nggi qurollar va boshqa harbiy vositalar bilan ta'minlagan.
O'tgan hafta Mudofaa vaziri Eshton Karter Iroq xavfsizlik kuchlarining Mosulni qaytarib olish amaliyotiga ko'maklashish uchun AQSh Iroqqa qo'shimcha 200 askar, Apachi hujumkor vertolyoti hamda HIMARS raketa-artilleriya tizimini jo'natayotganini e'lon qildi.
Pentagon matbuot kotibi Piter Kukning aytishicha, Raqqani "Islomiy davlat"dan tortib olishda AQSh kuchlari suriyalik arab jangchilari bilan ishlaydi. Bu jangari guruhga qarshi ishonchli g'alabalarni qo'lga kiritgan Suriya kurdlari arablar shahrini ozod qilishga ro'yxushlik bermasligini mumkin, degan xavotirlar bilan bog'liq.
Pentagon AQSh kuchlari Suriyaning qaysi hududiga joylashtirilishi haqida ma'lumot bermadi, ammo askarlar bu o'lkada amaliyotlar olib borayotgan Rossiya hujumlarga uchrashi mumkinmi, degan xavotirlarga izoh berdi.
"Ilgari biz Rossiyadan ma'lum bir geografik hududga hujum qilmaslikni so'ragan edik", - dedi Kuk.
Uning aytishicha, AQSh o'z askarlarining xavfsizligini ta'minlash uchun har bir chorani ko'radi.