Amerikada chet ellik talabaga ish bormi?

  • Amerika Ovozi
O’qishni tamomlagandan keyin Qo’shma Shtatlarda qolishni istagan chet elliklar viza va raqobat kabi to’siqlardan o’tish kerak.

Amerika har yili minglab chet ellik talabani qabul qiladi, ularga ta’lim va amaliyot o’tash imkonini beradi. Lekin o’qishni tamomlagandan keyin Qo’shma Shtatlarda qolishni istaganlar viza va raqobat kabi to’siqlardan o’tish kerak.

Nyu-Yorkdagi Nyu-Roshel kollejida (College of New Rochelle) bitiruv kechasi. Ayrim studentlar boshqa davlatlardan kelib ta’lim oldi. Bundaylar Qo’shma Shtatlar bo’ylab qariyb 800 ming nafar.

Ko’plari o’rgangan, bilganini vataniga qaytib qo’llashni xohlaydi.

“Davlat tasarrufidagi maktablar sohasida magistrlik diplomim bor endi. Vatanimda ana shu yo’nalishda ishlamoqchiman. U yerdagi maktablarni yaxshilash uchun nima qilish kerak? Hukumat qanday islohotlar qilishi lozim? Shular qiziq”, - deydi ganalik Sintiya Asare.

“Nyu-Roshel kolleji men uchun ilk qadam bo’ldi. Yamaykaga qaytib, o’sha yerda mehnat qilaman endi. Tengdoshlarim ko’rsin, vatanda ham ulug’ ishlar qilsa bo’ladi”, - deydi yamaykalik Prudens Tolliver.

Lekin ayrimlar Amerikada qolmoqchi. Kanadalik Yonel Vard:

“Shu davlatda ish topishni xohlar edim. Amerikada raqobat kuchli, tinimsiz o’z ustingizda ishlashingiz kerak, muvaffaqiyat sari doim intilasiz. Yangilik, kashfiyotlar uchun erkinlik bor”.

Amerikada iqtisodiy ahvol yaxshilanayapti. Lekin chet ellik talaba ish topib ketishi oson emas.

Ish bilan ta’minlovchi firma rahbari Filip Press:

“Xalqaro talabani qabul qilib, unga homiylik qilishga rozi kompaniyani topish osonmas. Bu yoshlar viza bilan kelgan, demak qisqa vaqtga yollanadi. Vizasi tugagandan keyin ketishi kerak. Studentning hujjati bilan shug’ullanishga rozi firmalar sanoqli”.

Haqiqatan, ish bilan ta’minlashga rozi homiyni topa olmasa, talaba AQShdan ketadi.

Lekin joriy yilgi bitiruvchilar ahvoli qoniqarli, deydi Deyvid Smit, mehnat bozorini o’rganuvchi “Accenture” maslahat kompaniyasi rasmiysi:

“Bitiruvchilar Amerikadan ish qidirayotgani muhim alomat. Ularda shu davlatda qolishiga va muvaffaqiyat qozonishiga ishonch kuchli. Bolalar nafaqat o’zi o’qigan shtatlarda, balki boshqa shahar va shtatlarda ham ish qidirayapti. Bir joyga bog’lanib qolmagan ular”.

“Accenture” firmasining aniqlashicha, talabalarning 80 foizi xizmat joyida tajriba oshirishni xohlaydi. Lekin bir-ikki yil o’tib faqat yarmi haqiqatan tajriba orttirgan.

Your browser doesn’t support HTML5

Amerikada o'qishni bitirgach ish topish amri mahol - Challenges for foreign students in US