Huquq faollari, san’atkorlar va jurnalistlar - Erkinlik medali sohibi

  • Amerika Ovozi

Your browser doesn’t support HTML5

Erkinlik medali sohiblari 2014 - Medal of Freedom

AQShda irqiy tengislik masalasi hamon dolzarb. Lekin yaqinda bir necha faol oliy mukofot bilan tadqirlandi. Prezident Barak Obama Qo’shma Shtatlarda adolat va tenglik uchun kurashib kelayotgan 19 fuqaroga Erkinlik medalini topshirdi. Ular orasida bundan 50 yil avval qora tanlilarning ovoz berish huquqi uchun kurashib nobud bo’lgan uch kishi ham bor.

Jeyms Cheyni, Endryu Gudman va Maykl Shvernerning oila a’zolari 1964-yil iyunida “Erkinlik yozi” nomini olgan kampaniya chog’ida halok bo’lgan jamoatchi faollar nomidan medallarni qabul qildi.

“Jeyms, Endryu av Maykl o’z faoliyati kelajakda fuqaro huquqlari harakatiga qanday ta’sir ko’rsatishini tasavvur ham qilolmagan. Biroq bugun biz ularning jonkuyarligidan ilhomlanib, ularni xotirlayapmiz. Tenglik va adolat uchun kurashni davom ettirmoqdamiz,” - dedi Obama.

20 yoshli uch yigit Mississippi shtatidagi asosan qora tanlilar yashaydigan shaharchada saylovchilarni ro’yxatdan o’tkazishga harakat qilgan. Biroq “Ku Kluks Klan” nomli irqchilar guruhi faollarga hujum qilib, o’ldirgan. Voqeadan 40 yil o’tib qotillardan biri jazoga tortildi.

Xotirasi sharaflangan boshqa huquq kurashchilari sirasida xoreograf va faol Elvin Eyli, Gavayidan Kongress a’zosi, yapon-amerikalik ayol Petsi Mink va Kaliforniyadan Edvard Roybal bor. Roybal Kongressda ispanzabonlar kengashi asoschisi.

Iste’fodagi sportchi, 90 dan oshgan Charlz Sifford Amerika Golf uyushmasi saflariga qora tanlilarni qabul qilish uchun kurashgan. Bugun u ham taqdirlandi.

“Charlining aytishicha, u o’zi uchun emas, butun dunyo deb bu ishga qo’l urgan,” - dedi AQSh prezidenti.

Erkinlik medali bilan mukofotlanganlar orasida, shuningdek, Syuzan Xarjo ham bor. U Amerikaning tub aholisi, hindular huquqlari uchun kurashgan shoira, ta’limotchi. Bir necha hindular qabilalariga o’z yerini qaytarishda yordamlashgan.

“Syuzan sababli ko’plab hindular o’z urf-odatlaridan faxrlanib yashamoqda, kelajakka ishonch bilan boqadi. Tub aholi Amerika kuchiga kuch qo’shadi deb bizga aynan Syuzan o’rgatgan,” - dedi Obama.

Kino yulduzi Meril Strip ham mukofotlandi.

“Meril rollarni shunday mahorat va matonat bilan ijro etadiki, xuddi bir-birimizga rahmdil bo’lishimiz inson tabiatidagi eng a’lo ne’mat deyayotgandek. Bundan tashqari, u xotin-qizlar huquqlari himoyasi bilan ham tanilgan. Boshqalarga doim yordam beradi, inson hayotini o’zi belgilashini qo’llab-quvvatlaydi,” - ta'rifladi uni Obama.

Chililik yozuvchi Izabel Alyende, jurnalist Tom Brokau, marhum senator Robert Kennedining umr yo’ldoshi Etel Kennedi hamda qo’shiqchi va bastakor Stivi Uander ham bu sovringa loyiq topildi.

Erkinlik medaliga 1963-yilda Prezident Jon Kennedi asos solgan. Shu kungacha 500 odam bu sharafli mukofot bilan taqdirlangan.