Amerika Markaziy va Janubiy Osiyoni ulaydigan loyihaga 15 million dollar ajratadi

  • Amerika Ovozi

Sangtuda-1 gidrostansiyasi. Dushanbedan 170 kilometr janubda.

Qo’shma Shtatlar Markaziy Osiyo va Janubiy Osiyoni bog’laydigan elektr ta’minoti tizimiga 15 million dollar ajratadi.

Gap CASA-1000 loyihasi haqida ketayapti.

Proyekt nihoyasiga yetganida Tojikiston va Qirg’izistondan gidroenergiyani Afg’oniston va Pokistonga uzatishi kutilmoqda.

Amerika CASA-1000 loyihasini qo’llab-quvvatlar ekan, avvalo Afg’oniston va qo’shni davlatlar tinchligi, barqarorligini ko’zlaydi, deydi rasmiylar.

Proyekt mintaqa davlatlarini o’zaro va jahon bilan bog’laydi, iqtisodiy manfaatlarni birlashtiradi.

CASA-1000 Markaziy Osiyoda hozirda mavjud gidroelektrstansiyalar energiyasiga tayanadi va regiondagi suv taqsimotiga ortiqcha aralashuvni nazarda tutmaydi, deyiladi Davlat departamenti bayonotida.