Neft va gaz – har bir mamlakat uchun strategik mahsulot. AQShda gaz qazib chiqarishda ishlatilayotgan ayrim texnologiyalardan aholi norozi.
Gaz kompaniyalari kimyoviy moddalarni qo’llab, ekologiyani, ichimlik suvini zaharlamoqda, deydi faollar.
Pensilvaniyaning yirik shahri Filadelfiyada norozilik namoyishi … Shtat bo’ylab gaz qazish ishlarini to’xtating, deb bir-yarim ming kishi ko’chaga chiqdi.
“Gap faqat toza ekologiya haqida ketmayapti, shunday emasmi? Inson salomatligi, sizu-bizning kelajagimiz tahdid ostida!”, - deydi ular.
Amerikaning 33 shtatida gaz gidravlik usul bilan, ya’ni suv va kimyoviy moddalarni qo’llagan holda qazib chiqariladi.
Atrof-muhit muhofazasi bilan shug’ullanuvchi tashkilot xodimi Dasti Xorvit tekshiruv o’tkazib, maqola yozdi. Mazmuni shuki, burg’ilashda ishlatiladigan ximikatlar yer osti suvlarini zaharlayapti.
“Suv zaxiralari joylashgan hududlarda gaz qazishni to’xtatish zarur, chunki buning salomatlikka ta’siri haqida bizga hali ko’p narsa ma’lum emas”, - deydi Xorvit.
AQSh Tabiatni muhofaza qilish agentligi e’tirozlarga javoban uch yil davomida masalani o’rganib chiqdi. Dastlabki xulosaga ko’ra, yer osti suvlarining ifloslanishi gaz sanoatiga aloqador ekan. AQShda suvni asrab-avaylashga doir qonunlarga qattiq rioya qilinadi, lekin gidravlik usulda gaz qazish bundan mustasno.
Pensilvaniyadan saylangan senator Jon Keysi “nega” deya hayron. Neft va gaz sanoatini idora etuvchi tartib-qoidalarni qayta ko’rib chiqish kerak, deydi u.
“Ichimlik suvini avaylashga qaratilgan qonunlarga nima uchun hamma birdek amal qilmaydi? Barcha uchun majburiy, umumiy bir me’yor bo’lishi kerak”.
Boshqalar nazarida esa yangi qoidalar biznes yo’lida, ya’ni iqtisodiy o’sishga to’siq bo’lishi mumkin.
“Nazoratni ham oshirib yubormaylik”, - deydi respublikachi qonunchi Jim Inxof.
Pensilvaniya shtatining Tabiatni muhofaza qilish agentligi direktori Maykl Krenser ham bu fikrga qo’shiladi. Senat majlisida so’zlar ekan, federal hukumat bu ishga aralashishi to’g’ri emas, deydi u.
“Har bir shtatda o’ziga xos geografiya, iqtisodiy sharoit, daromad manbalari, qolaversa o’z ish uslubi bor. Hukumat belgilab beradigan standart hammaga to’g’ri kelavermaydi”.
Neft va gaz - Pensilvaniya uchun ana shunday noyob boylik. Shtat iqtisodiyoti bu sohadan millionlab dollar daromad ko’radi. Gap bu sanoatni qanday boshqarishda.
“Energiya manbalarini o’zlashtiramiz desak, albatta atrof-muhitga ta’siri bo’ladi. Buni tan olamiz. Toza texnologiyalarni ishlatishga harakat qilasiz. Lekin voz kechish mumkin emas. Energiya axir iqtisodni tebratadi. Odamlarni ish bilan ta’minlaydi”, - deydi Pensilvaniya rasmiysi.
Bahs-tortishuv davom etar ekan, Kongress ko’rsatmasiga binoan, AQSh Tabiatni muhofaza qilish agentligi yana bir tadqiqot natijalarini e’lon qilish arafasida.
Gaz kompaniyalari yer osti suvlarini ifloslantirayotgani aniqlansa, qonunchilikda katta o’zgarishlar bo’lishi turgan gap.