Luiziana shtati "British Petroleum" to'lagan tovonni tabiat muhofazasiga sarflamoqda

  • Amerika Ovozi

Your browser doesn’t support HTML5

Meksika ko'rfazidagi vaziyat

Bundan besh yil muqaddam mutaxassislar Meksika ko’rfazida 87 kun davomida to’kilgan neft koniga qopqoq yopishga muvaffaq bo’lgan edi. O’sha ekologik fojea oqibatida plyajlar, sohil yaqinidagi suvlar va baliqchilik makonlariga katta zarar yetgan. Shu oy boshida fojea sababchisi “British Petroleum” kompaniyasi sohil bo’yi shtatlariga 18,7 milliard dollar to’lashga majbur qilindi. Pul ekologik ziyon oqibatlarini yo’q qilishga sarflanadi, ammo tabiatni qayta tiklash uchun yillar talab qilinishi mumkin.

AQShda iste’mol qilinadigan mayda qisqichbaqaning qariyb 70 foizi Meksika ko’rfazidan olinadi. Ammo okeanga neft to’kilganidan keyin baliqchilik joylari yopildi, dengiz mahsulotlari sotuvchilari esa boshqa manbalarni izlay boshladi.

So’hil bo’yidagi baliqchilik hududlari bugun ochiq, biroq “Blanchard Seafood” kompaniyasi sohibi ilgargi xaridorlarning aksariyati qaytmadi, deydi.

“O’sha hodisadan buyon savdo hajmi kamayib, yiliga qariyb 20 million dollar yo’qotyapmiz,” – deydi Din Blanchard.

U haliyam “British Pertoleum”dan g’azabda. Bunday kompaniyalar dengizda joylashgan uskunalariga yaxshi qaramaydi, deydi.

“Yangi mavsum boshlanishidan oldin biz bor asbob-uskunamizni qayta ta’mirdan chiqaramiz. Ular esa hech narsani ta’mirlamaydi. Eskirgunicha daromad olish uchun ishlataveradi. Maqsadi - daromad”.

Blanchard baliqchilik qiladigan Grand orolidan sal narida joylashgan Fushon porti - mamlakatning eng katta neft va gaz markazi.

Energetika sanoati Luiziana atofidagi hudud ekologiyasiga salbiy ta’sir qilsa-da, shtatdagi ish joylari va daromadning asosiy manbai ham aynan shu soha.

Neft ishlab chiqarish zavodlari va omborlari Mississippi daryosi bo’ylab joylashgan.

Kayl Grem - Luiziana sohilni himoyalash va qayta tiklash davlat idorasi rahbari.

“Neft-gaz sohasida sohil bo’ylab faoliyat yuritish uchun shtat ruxsatnoma berganida salbiy ekologik ta’sirni kamaytirish talab qilinadi, chiqindi esa qayta ishlatilishi kerak,” - deydi u.

“British Petroleum” shtatga keltirgan ziyon uchun to’lagan pul eng dolzarb muammolarni hal etish uchun sarflanadi.

“Neft to’kilishi oqibatlarini o’rganyapmiz. Tabiatga yetkazilgan zararni kamaytirish va ekologik muvozanatni qayta tiklashga sarflaymiz mablag’ni,” - deydi Grem.

Serquyosh Luiziana sohilida dam olish, dengizda cho’milish va baliq tutish uchun shtatga kelayotgan sayyohlar soni ko’paymoqda.

Turistlar orasida ko’rfaz sohili tabiatiga qiziqish katta, lekin “British Petroleum”ning nefti to’kilishining ko’zga ko’rinmaydigan oqibatlarini hanuz sezish mumkin.

Ko’plab olimlar dengiz tubida, chig’anoqlar va hatto jonzotlar go’shtida neft va boshqa kimyoviy moddalar topilgani haqida ma’lum qilmoqda.

Buning naqadar jiddiyligi haqida turli fikrlar mavjud, ammo Kayl Grem so’zlariga ko’ra, tabiatni eski holiga qaytarish uchun vaqt va og’ir mehnat talab qilinadi.