Davlat departamenti Prezident Tramp yaqinda Saudiya Arabistoniga safari paytida inson huquqlarini tilga olmaganini himoya qilmoqda.
Davlat kotibining Yaqin Sharq bo'yicha muovini Styuart Jouns shu hafta jurnalistlar tomonidan savolga tutildi. Prezident Tramp Saudiya Arabistoniga borib huquq haqida lom-mim demagan.
Bu bilan Saudiya va umuman mintaqa mamlakatlarida huquq oyog'osti qilinishiga ko'z yumdi hisob, deydi jurnalistlar. Jounsning aytishicha, AQSh va regionning boshqa davlatlari bilan muzokaralarda inson huquqlari hanuz muhim mavzu bo'lib qolmoqda:
"Biroq prezident o'z chiqishida buni tilga olmagan bo'lsa, muzokara paytida ham bu haqda gapirilmadi degani emas. Mazkur muhim mavzuni ommaviy ravishda emas, balki yuzma-yuz, to'g'ridan-to'g'ri muhokama qilish ko'proq samara beradi aslida", - deydi u.
Tramp Riyodda qilgan nutqida ekstremizmga qarshi kurash yo'lida musulmon davlatlar bilan bir yoqadan bosh chiqarish zaruratini ta'kidladi.
"Amerika suveren davlatdir va fuqarolarimiz xavfsizligi biz uchun ustuvor masaladir. Bu yerga pand-nasihat qilish, sizga aql o'rgatish, qanday e'tiqod qilib, qanday yashashni o'rgatish uchun kelganimiz yo'q. Balki hamkorlik taklif qilib keldik. Hammamiz uchun farovon kelajak qurish yo'lida birlashaylik", - degan edi Tramp.
Huquq tashkilotlari va AQSh qonunchilari nazarida prezident inson huquqlarini tilga olishi kerak edi. Davlat kotibi Reks Tillerson Saudiyaga Prezident Tramp bilan birga borgan. U ham huquq haqida so'ralganida bu mavzu Saudiya rahbarlari bilan muloqot paytida asosiy masala bo'lmaganini aytdi.
Davlat kotibi muovini Styuart Jouns mazkur sayohat davomida Tramp yonida bo'lgan. U shu hafta jurnalistlar bilan ko'rishar ekan, Saudiya Arabistonida demokratik jarayonlarga qanday baho berasiz degan savol berildi. 20 soniya o'ylanib qolgan diplomat Amerika Saudiya va Ko'rfaz hamkorlik kengashi bilan ekstremizmga qarshi kurash yo'lida anchayin olg'a siljiganini aytish bilan cheklandi.
Tajribali diplomat Styuart Jouns avval Iroq va Iordaniyada elchi bo'lib xizmat qilgan. U yaqinda iste'foga chiqishini ma'lum qildi. Diplomat bir yil oldin shunday qarorga kelganini aytmoqda.