AQShning ayni damdagi siyosatiga ko'ra, qanday yo’l bilan bo’lmasin, davlat chegarasigacha yetib kelib siyosiy boshpana so’raganlarning arizasi ko'rib chiqiladi. Ular ishi bir yoqli bo’lgunga qadar maxsus muhojirlar markazida saqlanadi. "Amerika Ovozi" Nyu-Jersi shtatidagi ana shunday hibsxonalardan birida bo'ldi.
Your browser doesn’t support HTML5
Bu hibsxonaga kirgan muhojirlar tashqariga qayta chiqquncha bir necha oylab vaqt o'tishi mumkin.
Bu yerda jinoyatga qo’l urgan muhojirlar ham bor. Hibsxona Nyuark aeroporti, sanoat ishlab chiqarish maydoniga yaqin. 2017-yil sentabrga qadar mamlakat bo’ylab 38 mingdan ortiq muhojir immigratsion huquqbuzarlik bilan qo’lga olingan. Ba’zilari siyosiy boshpana so’raganlar.
Hibsxonaga kirish tartibi aeroportdagi kabi. Xavfsizlik nazorati qattiq. Kelib-ketayotganlar hujjat ko’rsatishi, shaxsiy buyumlarini nazorat postida qoldirishi shart. Telefon, suratga olish mumkin emas. Talaba Kristin Skorson hibsxonani borib ko’rgan, keyin tasvirlab rasm chizgan.
Idafa Okporo 5 oy shu hibsxonada saqlangan.
Immigratsiya xizmati xodimlari xorijliklarni uy bilan ta’minlashning imkoni yo’q, deya meni hibsxonaga olib kelishdi”, - deydi u.
Okporo gey, Nigeriyadan. Geylar guruhi faoli bo’lgan. Biroq Nigeriyada bir jinsli nikoh noqonuniy. 2016-yil oktabrda u o’zini oshkor qilgani uchun Nyu-York Inson huquqlari tashkiloti mukofoti bilan taqdirlangan.
“Jamiyat meni qabul qilolmadi, o’ldirmoqchi edi. Qochishga majbur bo’ldim. AQShga vizadan boshqa hujjatim yoq edi, keldim”, - deydi u.
“Ilgari hech bunday holatga tushmaganman. Hibsxonada nima qilish yoki qilmaslik faqat ko’rsatma bilan. Xohlaysanmi yo’qmi, bergan ovqatni yeyishga majbursan”, - deydi Okropo.
“Ishim qanday tugatiladi deb doim tashvishda edim. Agar tasdiqlanmasa, qaytib ketishimga to’g’ri keladi. Amerikada qoladigan bo’lsam, qo’yib yuborishadi. Tushkunlikda qoldim. Qarindoshlarim bilan aloqam yo’q. Ular meni jinsiy orientatsiyam tufayli qabul qilolmadi”, - deydi u.
Okporoning ishi muvaffaqiyatli yakunlandi. U hozir Amerikada yangi hayot boshlagan, ishlayapti.
“Taom pishirish kitobi chiqardim. Unda turli davlatlardan bo’lgan 40 qochoqning hissasi ham bor”, - deydi Okporo.