AQSh, Eron qurolli urushga bormaydi, deydi tahlilchilar

  • Amerika Ovozi

Tehronda harbiy parad

Eron Xo’rmuz bo’g’ozini yopib, G’arbga neft ta’minotini cheklash haqida ogohlantirar ekan, Vashington Tehron siyosatini qoralashda davom etmoqda.

Fors ko’rfazida harbiy to’qnashuvlar bo’lishi mumkin degan xavotir ostida qora oltin narxi ham ko’tarilib ketdi. Lekin muxbirimiz Al Pessinning yoritishicha, tomonlar achchiq so’zlar almashmoqda xolos, urush ehtimoli yo’q.

Eron raketalarini sinab ko’rmoqda, dengizda harbiy mashqlar o’tkazmoqda. Tehron Amerikani Fors ko’rfazidan uzoqroq turishga chaqirmoqda. Aks holda, deydi rasmiylar, oqibati yomon bo’ladi.

AQSh harbiy kemalari Fors ko'rfazidagi faoliyatini davom ettirmoqda

AQShning javobi shuki, do’q qilish – o’rinsiz, ko’rfazdagi xalqaro suvlarda uning kemalari harakatni davom ettiradi.

Eron bo’yicha ekspert Mark Fitzpatrik vahimaga hojat yo’q deydi.

“AQSh harbiy dengiz floti Erondan qo’rqib, Fors ko’rfazidagi faoliyatini to’xtatib qo’yarmidi? Ogohlantirishning o’zi kulgili hol. Ko’rfazdagi xalqaro suvlarda bemalol suzib yuribmiz. Eronning do’q-po’pisalari hech narsani anglatmaydi, bu hammaga ayon narsa”,- deydi olim.

Eron Xo’rmuz bo’g’ozini yopish harakatida ekanini bildirmoqda. Jahon bozoriga chiqadigan neftning 20 foizi bu yerdan o’tadi. AQSh bunga chidab o’tirmasligi haqida ogohlantirgan. Olim fikricha bu qurolli mojaroga yetaklamaydi.

"Yaqin orada ikki davlat bir-biri bilan urushadi deb tashvishga tushmang”,- deydi tahlilchi.

Amerika yoki Isroilni urush boshlashga bir narsa majbur qilishi mumkin, deydi Mark Fitzpatrik - Eronning atom quroli ishlab chiqarishi. Lekin Tehron yadroviy dastur faqat tinchlikni ko’zlaydi deb keladi.

Prezident Barak Obama Eron bilan diplomatik muzokaralar ish beradi degan umidda

Biroq bunga G’arbda ishonch yo’q. Eron BMT Xavfsizlik Kengashi bosimi ostida. Islomiy respublikaga o’tgan 30 yil ichida qo’yilgan turli sanksiyalar oqibatida iqtisod ishdan chiqqan. Daromad faqat neftdan.

“Endilikda sanksiyalar neft sanoati va savdosini ham barbod qila boshladi. Bu degani Eron iqtisodi yuragiga nayza sanchildi. Bu davlat uchun mashaqqatli davr hozir. Bosimga bardosh berish qiyin ekan, Tehron do’q qilish bilan ovora",- deydi Fitzpatrik.

Qo’rqitishdan nima foyda? Jahon bozoridagi vahima sabab, neft narxi oshib, Eron cho’ntagiga ko’proq pul tushmoqda.

Tahlilchi Jeyms Brazier nazarida G’arb Eronning ogohlantirish-u, bayonotlarini jiddiy qabul qilishi kerak.

“Eron dengiz flotini ancha mustahkamlab olgan. Xo’rmuz bo’g’ozi orqali neft ta’minotini to’xtatib qo’yish ularga qiyin ish emas. Buning uchun kutilmagan taktikalardan foydalanishi mumkin. Uzoq muddatga bo’lmasa-da, qisqa vaqtga ta’minot uzilishi mumkin",- deydi Brazier.

Eron atom maqsadlaridan qaytadimi? Amerika va umuman G’arb davlatlari uni bunga ko’ndira oladimi? Olimlar deydiki, Tehrondan har narsa kutsa bo’ladi. Lekin urush ehtimoli juda past.