Eron urib tushirilgan samolyotni AQShga qaytarmoqchi emas

  • Amerika Ovozi

Eron Amerikaning urib tushirilgan samolyotini ko'z-ko'z qilmoqda, 8-dekabr, 2011-yil

Qo'shma Shtatlar Erondan oy boshida urib tushirilgan samolyotini qaytarishni so'ramoqda. Samolyot pilotsiz bo'lib razvedkada ishlatiladi. Eronning aytishicha, AQSh samolyoti Eron havo sarhadlariga kirib, xalqaro qonunni buzgan. Rasmiy Tehron bu borada BMTga shikoyat qilgan.

Prezident Barak Obama muxbirlar bilan uchrashuvda voqeani izohlashdan bosh tortgan.

"Masala nozik va maxfiy", - deydi u.

Ayrim xabarlarga ko'ra, radarga ko'rinmaydigan va so'nggi texnologiya bo'yicha ishlangan samolyot Afg'onistondan Eronga adashib kirib qolgan yoki ataylab Eron yadro dasturi haqida ma'lumot to'playotgan bo'lgan.

Qo'shma Shtatlar Erondan uni qaytarishni so'ragan, biroq Davlat kotibasi Xillari Klintonning aytishicha, islomiy davlatning tabiatini bila turib, undan buni kutmaslik kerak.

Rasmiy Tehron bungacha AQSh avval uzr so'rasin degan edi, biroq Mudofaa vaziri general Ahmad Vohidiyning aytishicha, Amerikaning iltimosi qondirilmaydi, chunki samolyot endi Eron mulkiga aylandi. Ayni damda uning kompyuter tizimidagi ma'lumot chiqarilmoqda.

Bu "RQ-170 Sentinel" rusumidagi apparat bo'lib, uni Amerikaning Lockheed Martin kompaniyasi ishlab chiqqan. Razvedka va kuzatuv ishlarida foydalaniladi.