Eron qurolli kuchlarini nazorat etuvchi Inqilobiy gvardiya rahbarlaridan biri, general Amir Ali Hojizodaning aytishicha, o'tgan yili Eron hududiga tushgan AQShning pilotsiz samolyoti sinchkovlik bilan o'rganilib, islomiy davlat uning nusxasini yaratishga kirishgan.
Samolyot Eron sharqida dekabr oyida qo'lga kiritilgan edi. Eron nazarida ayni damda undagi ma'lumotlar tahlil qilinmoqda.
AQSh samolyot yo'qolganini tan olgan, ammo Eron qo'lga kiritgan ma'lumot va texnologiyani ishga sololmaydi, deydi. Amerika rasmiylari nazarida g'anim davlat ustidan parvozga yuboriladigan samolyotlarda maxfiy ma'lumotlar cheklangan bo'ladi.
General Hojizodaning ta'kidlashicha, apparatda ko'plab maxfiy ma'lumotlarning borligi aniqlanib, ularning barchasi oshkor etilgan.
Eron harbiysining isbot tariqasida aytishicha, Pokistonda al-Qoida sobiq rahbari Osama bin Laden o'ldirilishidan ikki hafta oldin samolyot u turgan joy ustidan uchib o'tgan.
AQSh rasmiylariga ko'ra, josus samolyotlar yordamida Eron yadro dasturiga oid axborot to'planadi. Ma'lumki, G'arb Tehronni yadro quroli yaratayotganlikda ayblab keladi.