Breaking News

Eron yadro dasturi Bag’dodda muhokamada


Yevropa Ittifoqi Tashqi ishlar vazirasi Ketrin Eshton, Eron muzokarachisi Said Jaliliy
Yevropa Ittifoqi Tashqi ishlar vazirasi Ketrin Eshton, Eron muzokarachisi Said Jaliliy

Yetakchi davlatlar va Eron rasmiylari Bag’dodda uchrashib, islomiy respublikaning ziddiyatli yadro dasturini qisqartirish yuzasidan fikr almashmoqda.

Maqsad Yaqin Sharqda qurollar poygasi va keng ko’lamli ehtimoliy urushning oldini olish. Qator sanksiyalar ostida yashayotgan Eron esa bosimni yengillatishni so’ramoqda.

Bag’doddagi anjumanda Britaniya, Xitoy, Fransiya, Rossiya, Amerika, Germaniya va Eron mutasaddilari qatnashmoqda.

Xalqaro hamjamiyatning xavotiri shuki, islomiy davlat uranni boyitishda davom etib, keyinchalik yadro bombasi yaratishi mumkin. Lekin Tehron tadqiqotlar faqat tinch maqsadni ko’zlashini, tibbiy va energetik ehtiyojlarni qondirishini ta’kidlab keladi.

Bu galgi muloqot sermahsul o’tishi taxmin qilinar ekan, anjuman ikki kunga cho’zilishi mumkin.

Eron vakili Said Jaliliy uchrashuv yangi davrga eshiklarni ochib beradi, degan umidda.

“G’arb faqat bosim bilan ish ko’rish siyosati to’g’ri emasligini anglagan ko’rinadi”, - dedi Jaliliy Eronning “Fors” va “Mehr” axborot agentliklariga bergan intervyusida.

Bugun mamlakat neft eksporti xalqaro sanksiyalar bois ziyon ko’rayapti. 1-iyuldan boshlab Yevropa Ittifoqi jazo choralari kuchga kirib, Erondan xom neft sotib olish butunlay to’xtatiladi.

Lekin G’arbda ayrim davlatlar va Isroil Tehron muzokara bahonasida xalqaro hamjamiyatni yolg’on yo’ldan boshlamoqchi, deya tashvishda.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti qoshidagi atom energiyasi agentligi rahbari Yukiya Amanoning kecha aytishicha, Eron tez orada xorij kuzatuvchilarini o’z yadro ob’yektlariga kiritishi mumkin.

Bunga doir bitim yaqin kunlarda imzolanishi ehtimoldan xoli emas, deydi Amano.

Gap Tehron yaqinidagi Parchin harbiy majmuasi haqida ketmoqda. G’arb bu inshootda atom quroli ustida izlanishlar ketayapti deya taxmin qilib, uni tekshirish istagini bildirib keladi. Rasmiy Tehron esa Parchinda oddiy qurol-aslahaga doir tadqiqotlar olib borayotganini ta’kidlaydi.

Oq uy matbuot kotibi Jey Karni Eron bilan murosa yaqin ekani haqidagi xabarni “olg’a qadam” deb ta’rifladi. Lekin, deydi u, Vashington Eronning va’dalari emas, harakatlari asosida xulosa chiqaradi.

AQSh Davlat departamenti so’zlovchisi Viktoriya Nuland deydiki, Obama ma’muriyati BMTning Eron bilan muloqotini qo’llab-quvvatlaydi.

“Muzokaralar muhim. Biroq va’dalar ijrosini intiqlik bilan kutamiz. Erondagi yadroviy ob’yektlar, hujjatlar va mutaxassislar bilan yaqindan tanishish imkoni muhim. BMT bu izlanishlar haqiqatan tinch maqsadni ko’zlash-ko’zlamasligini bilmoqchi”, - dedi Nuland.

Isroil qudratli atom quroliga ega Eronni o’ziga tahdid sanab, bu qo’shnisiga zarba berish borasida o’ylanmoqda. Bu davlat nazarida Tehron jahon hamjamiyati bilan gaplashishga roziligini aytib, asl maqsadlarini yashirmoqda.

Eron matbuotining kecha bildirishicha, mahalliy energetika kompaniyasi mamlakatda ishlangan, 20 foizga boyitilgan yadroviy yonilg’ini ilk bor Tehrondagi tadqiqot reaktoriga yetkazgan. Mahsulot reaktorlarga joylandi, deyiladi xabarda.

Tahlilchilar fikricha, islomiy respublika o’z salobatini oshirish uchun ba’zida yadroviy tadqiqotlar yuzasidan ko’pirtirib gapiradi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG