Qo’shma Shtatlar ham, Eron ham “Islomiy davlat” terror guruhi tarkibidagi sunniy jangarilarga qarshi kurash olib bormoqda. Ammo fuqarolar urushi ketayotgan Suriyada bu ikki davlat bir-biriga raqib tomonlarni qo’llab-quvvatlaydi.
Your browser doesn’t support HTML5
Vashington va Tehron Iroqdagi kurd jangchilariga harbiy yordam ko’rsatmoqda. So’nggi kunlarda ayrim qishloqlardan jihodchilar haydab chiqarilgan. Xalqaro koalitsiya “Islomiy davlat”ga havodan zarba berib keladi.
Arab ittifoqchilari bilan uchrashar ekan, AQSh Davlat kotibi Jon Kerri mushtarak manfaatlar haqida gapirdi.
“Islomiy davlat”ga regiondagi har bir hukumat qarshi ekaniga shubha yo’q. Eron, Livan, Suriya, Turkiya, Iroq, Saudiya Arabistoni, Fors ko’rfazi davlatlari…”, - dedi AQSh rasmiysi.
Lekin Suriyaning o’zida ekstremistlarga qarshi kimni yoqlash mumkin?
"Eron o’ylab qadam bosmasa, o’ziga ziyon qiladi. AQSh oldida xuddi shunday murakkab savollar bor”, - deydi Jorjtaun universiteti professori Nora Binsohil.
Uning so’zlariga ko’ra, Suriyada turli maqsadlarni ko’zlovchi o’nlab guruhlar faoliyat yuritmoqda.
“Muammo shundaki, Suriyada hamma narsa bir-biriga bog’lanib ketgan. Dushmanimning dushmani menga sherik deyish bilan ish bitmaydi. Aslida shuning aksi bo’lib chiqishi mumkin”.
Obama ma’muriyati Eron bilan muzokaralarda asosiy e’tiborni yadroviy izlanishlarga qaratadi. Ammo tomonlar Suriya hamda “Islomiy davlat” yuzasidan gaplashib olgan.
Eron Milliy xavfsizlik kengashi rahbari Ali Shamxoniyga ko’ra, chet el harbiylarining Suriyaga oyoq bosishiga Tehron mutlaqo qarshi.
"G’arb davlatlari Iroq va Afg’onistonda adabini yedi, endi bunday amaliyotlar haqida o’ylamasin. Ularning mintaqa ishlariga aralashuviga hojat yo’q”, - deydi Shamxoniy.
Amerika universiteti professori Akbar Ahmadning aytishicha, Tehron Suriya prezidenti Bashar al-Assadga ko’mak ko’rsatishda davom etadi.
“Eron tashqi siyosatda agressiv. G’arb Yaqin Sharqda uning maslahatisiz biror ishga qo’l ursa, albatta, o’z pozitsiyasini bildiradi va javob qaytaradi”, - deydi u.
Vashington va Tehron Suriyaning Kobani shahriga “Islomiy davlat”ni yaqinlashtirmaslik masalasida hamfikr. Shaharni himoya qilayotgan kurdlarga har ikki tomon yordam ko’rsatmoqda.
Your browser doesn’t support HTML5