AQSh Arab dengizida Eron kemasini qutqardi

  • Amerika Ovozi

AQShning "USS Kidd" harbiy kemasi xodimlari Eronning "Al-Molai" kemasini qaroqchilardan ozod etgan, 6-yanvar 2012

Arab dengizidan o’ziga xos xushxabar. Amerika kuchlari 13 eronlikni qaroqchilar changalidan qutqargan.

Eron o’tgan kunlar ichida AQSh Fors ko’rfaziga yaqinlashmasin deya ogohlantirib kelayotgan va chora ko’rishi mumkinligini bildirgan edi. Amerikaning javobi shuki, xalqaro suvlarda yurishga uning haqqi bor.

Juma kuni Arab dengizida suzib yurgan “USS Kidd” kemasi yaqin bir joyda Eronga tegishli vosita xavf ostida ekani haqida xabar topgan. Maxsus kuchlar yordamga yuborilgan. Aniqlanishicha, Eron kemasi bir yarim oydan beri qaroqchilar qo’lida bo’lgan.

AQSh harbiy dengiz floti vakili leytenant Rebekka Rebarikning “Amerika Ovozi” ga aytishicha, xalqaro suvlarda yordamga muhtoj har qanday tomonga madad ko’rsatish - oliy burch.

Eronlik dengizchilar Amerika kuchlariga minnatdorchilik bildirgan. Ularga ovqat, tibbiy yordam va yangi kiyim-kechak berilgan. Hozirda ular vatanga yo’l olgan. Tehrondan bu borada biror bayonet yo’q. Vashington insonparvarlik yordami yetkaza olganidan mamnun.