Iroq armiyasi safida tushkunlik, xizmatga sadoqatsizlik

  • Amerika Ovozi
Islomiy jangarilar Iroqda katta shaharlarni bosib olgani hukumat qanchalik ojiz va diniy tafovutlar qanchalik chuqur ekanini namoyish etdi. Jihodchilar o’z yo’lida yuzlab odamlarni, xususan zobitlarni vahshiylarcha qirib tashlagan.

Your browser doesn’t support HTML5

Iroq armiyasi safida tushkunlik, xizmatga sadoqatsizlik/Shohruh Hamro


Minglab iroqliklar armiya safiga qo’shilib, ekstremistlarga qarshi jang qilmoqda. Prezident Barak Obamaning aytishicha, AQSh Iroqqa 300 harbiy maslahatchisini jo’natadi.

AQSh “Iroq va Shom islomiy davlati” degan guruh tomonidan Iroqda amalga oshirilgan xurujlarni keskin qoralaydi. Bu guruh al-Qoida terror tizimining bir bo’lagidir.

Obama Iroq xalqiga yordam qo’lini cho’zishga va’da berdi.

“O’tgan bir yil davomida Iroqqa xavfsizlik bobida yordamni ancha oshirdik. Trening, texnika va razvedka ma’lumotlari ulashdik. Ekstremist kuchlar mamlakatni ishg’ol qilar ekan, mahalliy armiya har qachongidan bizning ko’makka muhtoj”, - deydi u.

Jihodchilar qisqa vaqt ichida bir necha shaharni qo’lga kiritib, endi poytaxt Bag’dodga yurish rejalamoqda. Mamlakatda gumanitar vaziyat izdan chiqqan. Minglab iroqliklar jon saqlash uchun uy-joyini tashlab ketmoqda. Obama Iroq hukumatiga murojaatida birlikka urg’u berdi.

“AQSh Iroq xavfsizlik kuchlarini qo’llab-quvvatlashi barobarida bu davlat rahbarlaridan ham jiddiy va samimiy qadamlar tashlashni kutamiz. Mazhablar o’rtasidagi tafovutlarni hal qiling, odamlarni e’tiqodiga qarab ajratmang, tinchlikni targ’ib qiling, har bir fuqaro va jamoaning manfaatlarini ko’zlab ish tuting”.

Iroq armiyasini qurollantirish va malakasini oshirish uchun AQSh yillar davomida ulkan mablag’ sarflagan. Lekin zobitlar jangarilar hujumiga dosh berolmasdan qisman tarqab ketdi.

Al-Qoidadan ruhlangan radikal to’da Mosul va Tikrit shaharlarini bosib oldi. Zobitlar esa formasini tashlab, qochgan. Prezident Obamaning aytishicha, armiya vatan uchun turib bera olmagani parokanda siyosatga borib taqaladi.

“Qurolli kuchlar safida tushkunlik, xizmatga sadoqatsizlik seziladi. Buning negizida Iroqni yillardan buyon ichidan yemirayotgan siyosiy muammolar yotibdi”.

2003-yildan buyon AQSh Iroqning mudofaa tizimini yaxshilash uchun 25 milliard dollar sarflagan.

“Iroqni 2011-yilda tark etganimizda xulosa shu ediki, mahalliy armiya yetarli malakaga ega. Mamlakatni ehtimoliy tahdidlardan mudofaa eta oladi, deb o’ylaganmiz”, - deydi AQSh admirali Jon Kerbi.

Ko’p o’tmay sunniy musulmonlar Bag’doddagi shia hukumatni tarafkashlikda qoralab, namoyishlarga chiqa boshladi. Iroqda elchilik qilgan Zalmay Halilzod deydiki:

“Amerika qo’shinlarini olib chiqqanidan keyin etnik ziddiyatlar qalqib chiqdi, mazhablar bir-biridan tamomila uzoqlashdi”.

Askarlarni jang qilmasdan qochishga majbur qilgan ham aynan shu diniy tafovutlar, deydi tahlilchilar, chunki ular Bag’doddagi hukumatga sodiq emas.

Korrupsiya, zaif boshqaruv hamda umidsizlik soldatlarni formasini tashlab, chekinishga undagan omillar qatorida ko’riladi. Iroq armiyasiga qanday yordam ko’rsatish ayni paytda Vashingtonda muhokama etilayotgan masalalardan.

“Al-Qoidani yengish uchun Iroqqa madadni oshirish kerak. Ehtimol havo hujumlari haqida o’ylab ko’rsa bo’ladi”, - deydi tahlilchi Maykl Rubin.

Boshqa ekspertlar nazarida esa pilotsiz samolyotlarni ishga solish bilan ko’p narsaga erisha olmaysiz.

“Jangarilarni haydab chiqarish uchun bu chora yetarli emas”, - deb hisoblaydi harbiy sharhlovchi Sem Gardner.

Masalaning yana bir murakkab jihati shundaki, boy arab davlatlari Suriyaga qurol-aslaha jo’natishda davom etmoqda. Diniy ekstremistlar Suriyani tark etib, endi Iroq hukumatiga xavf solayapti, deydi Yaqin Sharq bo’yicha ekspert Maykl Oxanlon.

“Bosh vazir Nuriy al-Malikiy shia va sunniylarga teng qaramas ekan, Fors ko’rfazi davlatlari sunniy guruhlarni quvvatlashda davom etadi”, - deydi u.

AQSh rasmiylariga ko’ra, jihodchilar regionda o’rnashib olishiga aslo yo’l qo’yib bo’lmaydi. Ularning maqsadi Suriyadan Iroqqacha bo’lgan hududda xalifalik barpo etishdir.

Your browser doesn’t support HTML5

Iroqda vaziyat og'ir. AQSh harbiy yordam ko'rsata boshladi.