AQSh Vakillar palatasi: Suriyada muxolifatni "Islomiy davlat"ga qarshi qurollantiramiz

  • Amerika Ovozi

Hukumat olib borgan havo hujumlaridan keyingi manzara, Raqqa viloyati, Suriya

AQSh Kongressi Vakillar palatasi Suriyada prezident Assadga va “Islomiy davlat” jangari guruhiga qarshi kurashayotgan muxolifatga qurol yetkazish bo'yicha Obama taklifini ma'qulladi.

AQSh Iroqdagi “Islomiy davlat” jangari guruhiga qarshi havo hujumlarini kengaytirmoqda. Prezident Barak Obama guruhga qarshi yangi kurash strategiyasini e’lon qilganidan beri Bag’dod yaqinidagi jangari postlariga havodan bir necha zarba berilgan. Bugun Vakillar palatasi Suriyada “Islomiy davlat” va prezident Bashar Assad rejimiga qarshi kurashayotgan guruhlarni qurollantirish bo'yicha prezident taklifini ma'qulladi. Masala endi Senat e'tiborida.

Prezident Obama “Islomiy davlat” guruhiga qarshi yangi kurash strategiyasini e’lon qilishidan ko’p o’tmay AQSh qiruvchi samolyotlari Iroqdagi hujumlarini kuchaytirdi.

Iroq armiyasi amaliyotlarini qo’llab-quvvatlash maqsadida Sinjarda “Islomiy davlat”ning ikki posti nishonga olingan. Avgust boshidan beri AQSh 160 dan oshiq havo hujumlarini amalga oshirgan.

Vashingtondan tahlilchi Rik Brennanning aytishicha, AQSh askarlari yerdan turib ko’mak bermasa, havo hujumlari bilan ish bitmaydi.

“AQSh maxsus qismlarining ishtirokisiz mahalliy kuchlarga havodan turib yordamni uyushtirish bo’yicha aniq reja yo’q. Mosulda kuzatilganidek, agar “Islomiy davlat”ga qarashli texnika yoki boshqa katta kolonnalar ochiq ko’zga tashlanib tursa, buni amalga oshirsa bo’ladi. Ularni havodan payqash va nishonga olish qiyin emas. Agar ularni osonlikcha aniqlash imkoni bo’lmasa, hududga AQSh askarlarini kiritmasdan turib yer va havodagi kuchlar harakatlarini uyg’unlashtirish qiyin bo’ladi”, - deydi Brennan.

Iroq va Suriyada jihodchialrga qarshi kurash olib borish uchun AQSh yetakchiligida tuzilgan koalitsiyaga 40 dan ortiq davlat qo’shilgan. Koalitsiya vazifalari doirasida havo va piyoda qo’shinlarini tuzish, shuningdek, jangarilarni moliya manbalaridan ayirish ko’zda tutilgan.

Obama jihodchilarga Suriya hududida ham zarba berilishini ta’kidladi. Ammo bu ishda Suriya prezidenti Bashar Assad bilan hamkorlik qilinmaydi, deydi u. Vashingtonga ko’ra, Assad qonuniy rahbar maqomini yo’qotgan va tinch aholiga qarshi qo’llagan zo’ravonliklari uchun jazoga tortilishi kerak.

Oq uy so’zlovchisi Josh Ernestning aytishicha, Suriyada olib boriladigan havo hujumlarida kerakli ehtiyot choralari ko’riladi.

“Jangovar zonalarda harbiylarimiz uchun aniq tartib-qoidalar mavjud. Prezident qabul qiladigan harbiy qarorlarda bu choralar hisobga olinadi”, - deydi u.

AQSh rasmiylarining ogohlantirishicha, agar Damashq Amerikaning jangarilarga qarshi qaratilgan hujumlariga to’sqinlik qiladigan bo’lsa, Suriya havo mudofaasi tizimlari ham nishonga olinadi. Suriya ichida havo hujumlarining amalga oshirilishiga shak-shubham yo’q, deydi tahlilchi Brennan.

“Suriyada aviatsiya nafaqat yerdagi obyektlarni nishonga oladi, balki o’ziga qarshi kelayotgan xavflarni ham aniqlab, bartaraf etadi. Lekin prezident “Ozod Suriya armiyasi”ning harbiy salohiyatini oshirishga qachon kirishishi ma’lum emas. Guruh nafaqat “Islomiy davlat” yoki “Al-Nusra fronti”ga, balki Eron himoyasidagi boshqa tashkilotlar, Livandagi “Hizbulloh” guruhi hamda Assad rejimiga qarshi tura oladigan kuchga aylanishiga bir necha yil ketishi mumkin”, - deydi ekspert.

“Senat va Vakillar palatasida Suriya muxolifatini harbiy tayyorgarlikdan o’tkazish va qurollantirish masalasida Obama ma’muriyatiga ko’proq vakolat berish rejasini qo’llab-quvvatlayotgan demokrat va respublikachilarni ko’ryapmiz. Har ikki partiyaning ushbu o’ta muhim vazifa yuzasidan yakdillik bildirayotganidan mamnunmiz”, - dedi Oq uy so’zlovchisi Josh Ernest.

Rasmiyning aytishicha, prezident AQSh askarlarini Suriyaga kiritishga qarshi ekan, u yerda “Islomiy davlat” jangarilariga qarshi muvaffaqiyatli kurasha oladigan kuchli qo’shin tashkil etilishi kerak.

Ammo, tahlilchi Brennanga ko’ra, Suriyada do’st bilan dushmanni ajratish, to’g’ri guruhni topib, ularni tayyorgarlikdan o’tkazish va qurollantirish, xuddi Afg’onistonda kuzatilganidek, qiyin jarayon.