Mana bir necha oydirki, AQSh samolyotlari Iroq va Suriyada “Islomiy davlat” jangari guruhi manzillarini havodan bombardimon qiladi. Mudofaa vazirligi ilk bor bu hujumlar oqibatida begunoh odamlar ham halok bo’lgani haqidagi ma’lumotlarni tekshirmoqda.
Bir necha oydan beri Pentagon Suriya va Iroqdagi havo hujumlari chog’ida tinch aholi orasida qurbonlar bo’lmaganini ta’kidlab kelayotgan edi. Ammo 6-yanvar kuni vazirlik so’zlovchisi kontr-admiral Jon Kirbi boshqacha bayonot berdi.
“Markaziy qo’mondonlik talofatlar haqidagi ishonchli ko’ringan da’volarni tekshirmoqda”, - deydi u.
Jon Kirbi gap qaysi mamlakat haqida ketayotgani yoki kim bunday da’vo bilan chiqqaniga oydinlik kiritmadi. AQSh harbiylarining o’z tekshiruvi natijasida ayrim ma’lumotlar aniqlandi, deyish bilan cheklandi.
“Qayerda harbiy operatsiyani amalga oshirmaylik, tinch aholini xatar ostiga qo’ymaslikka harakat qilamiz. Agar talafot bo’lgani haqida ma’lumot chiqsa, masalaga jiddiy yondashamiz va obdon o’rganamiz. Bu biz uchun muhim”, - deydi Pentagon rasmiysi.
Suriya Inson huquqlari markaziga ko’ra, AQSh havo hujumlari Suriyaning o’zida 52 odamning hayotiga zomin bo’lgan. Britaniyada joylashgan bu tashkilot rahbari Rami Abdulrahmonning “Amerika Ovozi”ga aytishicha, bu Suriya armiyasi hamda “Islomiy davlat” qo’lidan halok bo’lganlar sonidan ancha kamroq bo’lsa-da, mojaroda nobud bo’lgan har bir inson ruhiga hurmat o’laroq adolat qaror topishi zarur.
“Biz barcha suriyaliklarning huquqlari ta’minlanishini istaymiz. Oddiy odamlar hukumatga xayrixohmi yoki “Islomiy davlat”ga, buning farqi yo’q. Biz xalqni himoya qilishimi kerak”, - deydi Abdulrahmon.
Inson huquqlari markazida so’nggi haftalarda AQSh havo hujumlarida halok bo’lganlar haqida ma’lumot yo’q. Demak Pentagon undan avvalroq ro’y bergan holatlarni o’rganayotgan bo’lishi mumkin.