Breaking News

Amerikaning xorijdagi pudratchilari inson huquqlarini buzmoqda


Amerika pudratchilari va subpudratchilari Iroq va Afg'oniston kabi xavfli zonalarda ishlayotgan xorijliklar huquqlarini poymol etayotgani haqida 10 yil oldin da'volar olg'a surilgan edi. Shundan beri Kongress bu ishchilarni himoyalovchi qonunlar qabul qildi. Biroq ularni yollash va AQSh hukumatiga ishlovchi xorijliklar ish sharotini nazorat qilishda hali ham kamchiliklar bor.

Hukumatni nazorat qilish idorasi ma'lumotiga ko'ra, minglab chet ellik ishchilar Iroq va Afg'oniston kabi urush zonalarida AQSh uchun ishlash evaziga ularni yollayotgan shirkatlarga bir yillik maoshigacha berishga majbur. Bu va foiz stavkalari xizmatchilar huquqlarining buzilishi, qarzga botishiga yetaklashi mumkin, deb ogohlantiradi idora.

Amerika fuqarolik erkinliklari ittifoqi yuristi Stiven Uott tizim qanday ishlashini tushuntiradi.

"Bu ishchilarni yollayotgan odamlar Hindistonning bir qishlog'ida turib ish qiladi. Biz u joyda tergov o'tkazdik. Bu odamlar ishchilarni yollab, ulardan bu uchun katta miqdorda pul oladi, keyin esa ularni qarzdor qilib qo'yib, inson savdosi uchun sharoit yaratiladi. Bunga esa AQSh mas'ul, chunki pudratchi bilan shartnoma tuzgan hukumatning o'zi", - deydi Uott.

Hukumatni nazorat qilish idorasi AQShning Yaqin Sharqdagi 11 ta kontraktini o'rganib chiqdi. Jami 21 ming xorijiy ishchining bu shartnomalarni bajarish uchun yollangani aniqlandi. Amerika qonunlarida inson savdosi uchun jazo belgilanganiga qaramay, tergov qilingan to'rt shartnomada bu muammo nazorat etilmagan, 1900 dan ziyod odam ishga kiraman deb pul bergan.

Hisobot muallifi Tomas Melitoning "Amerika Ovozi"ga aytishicha, Mudofaa vazirligi, Davlat departamenti, AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi kabi ish beruvchi idoralar ishga yollash haqiga pasport va viza uchun to'lovlar, aviabilet, turar-joy va tibbiy sug'urta qiymatini qo'shish noto'g'ri degan fikrda. Ishga yollash haqini aniq belgilovchi qoidalar bo'lishi, ular yaxshiroq nazorat etilishi lozim, deydi Melito.

"11 kontraktning ikkitasida ishchilar yollanish uchun haq to'lagani aniqlandi. Surishtirganimizda, ayrimlar bir oylik maosh pulini, boshqalar esa bir yillik maosh pulini bergani ayon bo'ldi. Bu juda ham tashvishlanarli holat", - deydi Melito.

Mutaxassisning aytishicha, to'qqizta kontrakt bo'yicha yollash haqi olinganiga doir ma'lumot topilmadi.

So'nggi 10 yilda Hindiston, Filippin, Nepal, Uganda kabi mamlakatlardan minglab ishchilar urush zonalarida AQSh harbiy amaliyotiga xizmat qiluvchi kam maoshli, ammo muhim ishlarni bajarib keldi.

2012-yilda tayyorlangan hisobotga ko'ra, bu ishchilarning aksariyatiga Iroq yoki Afg'onistonda ishlashi kerakligi aytilmagan. Boshqalarning esa pasportlari olib qo'yilgan, ya'ni majburan qoldirilgan. Ular antisanitariya holatda, kichik xonada ko'pchilik bo'lib, tibbiy qarovsiz yashashgan. Ba'zilar ishga kirish uchun ko'p pul to'lagan.

Hukumatni nazorat qilish idorasiga ko'ra, bugunga kelib sharoit ijobiy tomonga o'zgargan, pudratchilar muammodan xabardor va ularni bartaraf etish ustida ishlamoqda.

2012-yilgi hisobotdan ma'lum bo'lishicha, hukumat idoralari ishchilar huquqlarini buzgan birorta pudratchini jazolamagan.

"Nazarimizda nazorat yetishmagan, qonunlar qo'llanilmagan, chora ko'rilmagan. So'nggi ikki yilda vaziyat yaxshilanmadi", - deydi Amerika fuqarolik erkinliklari ittifoqi yuristi Stiv Uotts.

AQSh hukumati askarlariga xizmat ko'rsatishda, ularni oziq-ovqat bilan ta'minlashda, elektrstansiyalar qurishda minglab xorijiy ishchilarga tayanadi. Mudofaa vazirligining bir shartnomasiga muvofiq Afg'onistonda 10 ming xorijiy ishchi jalb etilgan edi.

Davlat departamenti idora xulosalariga qo’shilgan holda pudratchilar bilan aloqa qiluvchi xodimlariga nazoratni kuchaytirishni o’rgatmoqda. Departament matbuot kotibi Jeff Ratkening aytishicha, ishchilardan yollanish haqini olish man qilindi.

Melitoga ko’ra, qilinadigan ishlar ko’p hali.

"Odamlarga bu ishlarning to’g’ri emasligini tushuntirishga hojat yo’q endi. Ammo jarayonni nazorat qilishga, pudratchi kompaniya xodimlarini tayyorlashga qo’shimcha pul ketadi. Doim hushyor bo’lish kerak”, - deydi u.

Melitoning aytishicha, AQSh hukumati faqat asosiy pudratchi bilan ish olib boradi, ammo ular yollaydigan subpudratchilar faoliyatini kuzatmaydi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG