Prezident Barak Obama “Islomiy davlat” jangari guruhiga qarshi harbiy kampaniya uzoq vaqt davom etishini ta’kidlar ekan, Kongressdagi respublikachilar kurash strategiyasini tanqidga olmoqda.
Senatning Qurolli kuchlar qo’mitasi vazirlarni va harbiy yetakchilarni huzuriga chaqirtirib, ularni savolga tutdi.
Qurolli kuchlar qo’mitasi raisi Jon Makkeyn prezidentning Iroq va Suriyada jangarilarni yo’q qilish rejasini “ahmoqona” deya ta’rifladi.
“G’alabaga yaqin ham emasmiz, demak urushni sekin-asta boy berayamiz. “Islomiy davlat” yengilmas kuch emas axir, lekin hozirgi strategiya bilan yutamiz deb o’zimizni aldamaylik”, - deydi u.
Mudofaa vaziri Eshton Karter rejani tushuntirib berdi.
“Masalaning siyosiy tomoniga katta ahamiyat qaratyapmiz. Avvalo Iroqda barcha guruhlarni qamrab olgan samarali hukumat barpo etilishi kerak”, - deydi vazir.
Senator Makkeyn fikricha, bu yetarli emas.
“Prezident “Islomiy davlat”ni va boshqa muammolarni ham harbiy yo’l bilan hal qilib bo’lmaydi, deb ko’p gapiradi. Gap shundaki, siyosiy yechim topishda ba’zida aynan harbiylarga kattaroq rol ajratish zarur”, - deydi u.
AQSh Qurolli kuchlar bosh shtabi rahbari, general Martin Dempsi Yaqin Sharqqa piyoda qo’shin yuborishni maslahat bermaydi.
“Mintaqada tashqi kuchlar barqarorlik o’rnata olmaydi. Iroq armiyasi kurashni uddalashi kerak”, - deydi u.
Demokrat senatorlar o’tmishdagi xatolarni ham eslatib o’tdi.
“Islomiy davlat” paydo bo’lishiga 2003-yilda Iroqni bosib olganimiz sababchi emasmi?” - deb so’raydi senator Jek Rid.
Pentagonda o’tgan matbuot anjumanida Prezident Obama shu kungacha “Islomiy davlat”ga havodan besh mingdan ziyod marta zarba berilganini ta’kidladi. Uning aytishicha, jangda yutuq va kamchiliklar bo’lishi tabiiy.