Obama: "Islomiy davlat" to'dasi yer tishlaydi

  • Amerika Ovozi

Pentagon, 14-dekabr, 2015

AQSh Prezidenti Barak Obama shuni qayd etmoqdaki, Iroq va Suriyada "Islomiy davlat" terrorchi guruhini mahv etish uchun barcha zarur choralar ko'rilmoqda.

"Islomiy davlat" yengilayotgani aniq.

AQSh yetakchiligidagi xalqaro koalitsiya faoliyati yuzasidan hisobot bergan prezident shunday fikrda.

Ayollar va bolalar ortiga berkinayotgan ekstremistlarga zarba berib, maxsus kuchlarni safarbar etayapmiz, dedi Obama.

"Biz aql bilan ish ko'rib, IShIDga qarshi hujumlarni puxta amalga oshirishimiz kerak. Ayni paytda mintaqadagi hamkorlarimiz shaharma-shahar, mahallama-mahalla yurib, terrorchilarni yo'q qilmoqda. Qattiq kampaniya ketmoqda", - deydi AQSh rahbari.

Obama amerikaliklarni xotirjam bo'lishga chaqirdi.

Parij va Kaliforniyadagi xurujlar ketidan "Islomiy davlat"ga qarshi bugungi strategiya qanchalik samara berayotgani yuzasidan xavotirlar kuchaygan.

Prezidentning aytishicha, kurash murakkab lekin sust emas, har bir qadam o'z vaqtida tashlanmoqda.

"Prezident nimadir qilinayotganini ko'rsatishga urinmoqda, nazarimda. Bu strategiya noto'g'ri deb aniq ayta olmayman. Amerikaliklar bezovta. O'tgan bir oyda Parij va Kaliforniyada yuz bergan xurujlardan qo'rquvga tushishgan. Davlat rahbari strategiyani tushuntirib, vahimaga tushmang, deyapti", - deydi Kato tahlil institutidan Emma Eshford.

AQSh rahbariga ko'ra, jangarilar muhim hududlardan quvib chiqarilib, yetakchilari birin-ketin o'ldirilmoqda.

"IShID yetakchilari yashirina olmaydi. Ularga aytadigan gapimiz: Nishondasiz", - deydi Obama.

AQSh rahbariga ko'ra, koalitsiya terrorchilarni ovlashda va ularga qarshi kurashayotgan mo'tadil kuchlarni qurollantirishda davom etadi. Guruhning odam yollash, propaganda va moliyaviy tarmoqlarini yo'q qilish ko'zda tutilgan.