Isroilda Eron bilan urushga tayyorgarlik avjida

  • Amerika Ovozi

Isroil askarlari harbiy mashqda raketa hujumi boshlangan taqdirda nima qilish kerakligini o'rganmoqda

Isroil va Amerika harbiy mashqlar o’tkazish arafasida. Bu rejaning ahamiyati katta. Yahudiy davlat Eronni yadroviy qurol ishlab chiqarayotganlikda ayblab, “tahdid ostidamiz, chora ko’rish kerak” deb keladi. Eron esa bunga javoban Isroilga hujum qilishga shay ekanini bildirgan. Isroil shimolida urushga tayyorgarlik avjida.

Isroil shimoldan Livan va Suriyaga qo’shni. Har ikki davlat - Eronning hamkori.

Dekabr oyida Isroil chegara yaqinida harbiy mashqlar uyushtirdi, raketa va biologik qurol bilan hujum qilingan taqdirda nima qilish kerakligini aniqlash va o’rganish uchun.

Isroil raketa mudofaa dasturi sobiq rahbari Uzi Rubin Isroil Eronni nishonga olsa, Tehron albatta qarab turmaydi, deydi.

Eron Fors ko'rfazida raketalarini sinab ko'rdi

“Bizning Eron qo’llaydigan usullarga javob qaytarish salohiyatimiz u qadar kuchli emas. Havo orqali hujum qilinsa, bizning havo kuchlarimiz juda qudratli. Yer orqali hujumlarga ham tayyorgarligimiz a’lo darajada. Biroq raketalar hujumi oldida hozircha zaifmiz”,- deydi Rubin.

Garchi Tehron yadroviy dastur harbiy maqsadlarni ko’zlamaydi, deb ta’kidlasa-da, Isroil va AQSh bunga ishonmaydi.

Eron nafaqat Isroil, balki Yevropani nishonga oladigan raketalarga ega.

So’nggi paytlarda Suriya va Livanda joylashgan “Hizbulloh” jangari tashkiloti Isroilga qarata raketa hujumlari uyushtirdi.

For ko'rfazida

Isroil sobiq rasmiysi Uzi Rubin fikricha, Eron yadroviy qurolga ega bo’lsa, bu butun dunyo uchun tahdid:

"Eron maqsadi nafaqat mintaqa, balki dunyo miqyosida qudratga erishishdir. Yadroviy qurolga egalik qilish orqali u jahondagi eng kuchli davlatlar safiga qo’shiladi. Nafaqat Isroil, balki butun dunyo, xususan G’arbga ta’sirini o’tkazadi”.

Biroq falastinlik tahlilchi Mahd Abdul Hadiy bu fikrga qo’shilmaydi. Isroil Eron tahdidini bo’rttirib ko’rsatmoqda, deydi u:

“Arab-Falastin nuqtai nazarini olsak, bu yerda Eronning Isroilga hujum qilishiga hech kim ishonmaydi. Busiz ham Eronning ichki muammolari ko’p”.