Xitoy bilan orol talashayotgan Yaponiya armiyasini yangilamoqchi

  • Amerika Ovozi
Yaponiya va Xitoy dengizdagi bir qancha orollar ustida tortishayotgan bir mahalda, Vashington va Tokio ittifoqchilik rishtalarini mustahkamlashga kelishib oldi.

Har ikki davlat o’z mulki deb biladigan mayda orollarni Yaponiya Senkaku deb nomlagan, Xitoyda esa ularni Diaoyu deb atashadi.

Singapurda o’tgan uchrashuvda AQSh vitse-prezidenti Jo Bayden tomonlarni bosiqlikka chaqirdi.

“AQShning pozitsiyasi shuki, qo’shnilar bir-biriga bosim va do’q-po’pisani bas qilishi, Janubiy Xitoy dengizida tartib-qoidalar aniq belgilanishi kerak”, - deydi Bayden.

Yaponiya Bosh vaziri Shinzo Abe Xitoy bilan oradagi kelishmovchiliklarni hal qilish uchun maxsus sammit o’tkazish kerak, degan fikrda.

“Ikki davlat rahbarlari yoki tashqi ishlar vazirlari darajasida muloqot boshlashga tayyormiz. Uchrashuv oldidan hech qanday shart qo’yilmasin”, - deydi Yaponiya rasmiysi.

Singapurdagi sammit arafasida Yaponiya mudofaa vazirligi qurolli kuchlar salohiyatini oshirish va shu orqali Xitoy va Shimoliy Koreyadan kelayotgan tahdidlarni bartaraf etish zaruriyati borasida bayonot chiqardi.

Unda pilotsiz vositalar orqali kuzatuv dasturlari va ogohlantirish sistemalarini kengaytirish, Tinch okeanida kemalar harakatini muntazam monitoring qilish va ballistik raketa hujumiga qarshi tayyorgarlikni oshirish haqida gap ketadi.