Tokioda AQSh elchixonasiga po'pisa qilgan shaxs ushlandi

  • Amerika Ovozi

Okinavalik shaxs elchixonani portlatishini aytib do'q qilgan. Bu tahdidlar Amerika rahbarining rafiqasi Mishel Obama Yaponiyada payti yangragan.

Yapon politsiyasi AQShning Tokiodagi elchixonasini portlatishini aytib po'pisa qilgan odamni ushlagan.

Okinavalik Mitsuyoshi Kamiya elchixonaga va AQSh harbiy bazasiga telefon qilib, tahdidlar qilgan, deydi politsiya.

Aynan 52 yoshli Kamiya yaqinda AQSh elchisi Karolin Kennedi va boshqa diplomatlarni o'ldiraman, deya po'pisa qilgani taxmin qilinadi. Uning xatti-harakati ortidagi sabablar hali aniq emas.

Okinava orolida o'n minglab amerikalik askarlar bor. Mahalliy aholi ularning f'el-atvoridan, shovqin-surondan va jangovar samolyotlarning aholi zich yashovchi hududlarga qulashi ehtimolidan shikoyat qilib keladi.

Do'q-po'pisalar Amerika rahbarining rafiqasi Mishel Obama Yaponiyaga uch kunlik safar bilan kelgan bir paytda yangragan. Tashrifi chog'ida Obama xotin-qizlar orasida ta'lim imkoniyatlarini targ'ib qiladi.