Tomas Jefferson o'qigan Injil qayta tiklanmoqda

  • Amerika Ovozi

Your browser doesn’t support HTML5

Amerika asoschlari din siyosatga aralashmasligi kerak deb hisoblagan. E'tiqod boshqa, davlat ishi boshqa, degan ular. Lekin bu insonlarning o'zlari ancha taqvodor bo'lgan. Shu bois diniy erkinlik bu jamiyatni ushlab turgan ustunlardan biri. Turli e'tiqodlarga mansub odamlar bemalol nafas oladi va o'z dinini targ'ib qila oladi. Tomas Jefferson, Amerikaning otalaridan biri, uning mustaqillikka erishishida muhim rol o'ynagan, konstitutsiyasi ostida turgan va kelajagini belgilagan shaxs diniy jihatdan boy qarashlarga ega bo'lgan. Injilni muqaddas deb bilgan, lekin uning mazmunini savol ostiga ham qo'ygan.

Your browser doesn’t support HTML5

Tomas Jeffersonning diniy qarashlari, Behzod Muhammadiy


Hayotining so’nggi yillarida Tomas Jefferson Injil varaqlarini pichoq bilan kesib, ayrim oyatlarini qirqib olgan.

“Respublikachilar partiyasi yetakchisi bo’lganiga qaramay, u shunday qilishga qaror qilgan”, - deydi Smitson muzeyi xodimi.

Garri Rubenstayn Amerika tarixi Smitson milliy muzeyida ishlaydi. U AQShning uchinchi prezidenti yaratgan kitobni qayta tiklash loyihasiga rahbarlik qilmoqda.

“Iso hayoti va axloqi” yoki “Jefferson Injili” nomi bilan tanilgan bu kitobdan Iso Masihning qayta tirilishi va boshqa mo’jizalar olib tashlangan. Rubenstaynga ko’ra, prezident Isoning axloqiy ta’limotiga e’tibor qaratgan.

“Yangi davlatning axloqiy asoslari qanday bo’lishi kerak? Ma’lum ma’noda bu prezidentning hamkasblari va do’stlari bilan boshlagan katta loyihasi edi”, - deydi Ruberstayn.

Shu yil Amerika gumanistlari uyushmasi “Jefferson Injili”ni kitob holda chop etdi va qonunchilarga tarqatdi.

“Dono fikrlarga to’la kitob. Kongress a’zolari biroz vaqt sarflab bu haqda o’ylab ko’rishsa zarar qilmasdi. Ayni vaqtda Injilda hozirgi zamonga mos bo’lmagan narsalar borligini ham ochiqchasiga e’tirof etish kerak”, - deydi uyushma vakili Luis Granados.

AQSh tarixida Jefferson xristianlikka tanqidiy yondashgan yagona arbob emas. Masalan, prezident Jorj Vashington cho’qinishdan bosh tortgan. Yozuvchi Tomas Peyn dinni inson kashfiyoti deb atagan.

Tomas Jefferson dunyoqarashining shakllanishida Jorj Meysonning e’tiqod erkinligi haqidagi fikrlari muhim o’ringa ega. AQShga asos solgan arboblar aql va mantiq bilan ish ko’radigan ma’rifatchilar edi. Ammo AQShning Xudo irodasi bilan vujudga kelganiga ishonadigan ayrim xristianlar ularning e’tiqodi mustahkam bo’lgan, deydi.

Texaslik pastor Mark Kollins Jorj Vashingtondek kiyinib, cherkov va diniy tadbirlarda qatnashadi. Uning fikricha, Jefferson Injil sahifalarini e’tiqod tanazzuliga uchraganida qirqqan.

“Har birimizning hayotimizda shunday damlar bo’ladi. Xatoga yo’l qo’yamiz, Yaratgandan ranjiymiz”, - deydi u.

Vashingtondagi Jefferson yodgorligida prezidentning shunday so’zlari yozilgan: “Din masalasida har bir odam fikrini erkin ifoda eta olishi kerak”.

Sayyoh Linsi Langning aytishicha, AQSh asoschilari plyuralizm tamoyiliga ishongan.

“Ular barcha dinlarga bag’rikenglik bilan yondashgan. Aynan shu sababdan odamlar o’z vatanlaridagi diniy tazyiqlardan qochib, Amerikaga kelgan”, - deydi u.

Elisha Troyer bu fikrga qisman qo’shiladi.

“Menimcha, ular, avvalambor, nasroniy bo’lgan. Buni inkor etib bo’lmaydi”, - deydi u.

Jefferson Amerikaning ilk rahbarlaridan, donishmand bo’lgan. Qarashlarining kelajakda bahslarga sabab bo’lishidan cho’chib, ularni faqat eng yaqin do’stlari bilan baham ko’rgan.