Amerika o’z cherkov, sinagoga va masjidlar bilan faxrlanadi. Bu maskanlar o’z a’zolariga ega, doimiy qatnovchi dindorlar. Ibodatxonalarga moliya asosan shu insonlardan keladi. Yosh amerikaliklar orasida dinga qiziqish past. Shu bois yahudiylar masalan yangi avlodni o’ziga qaratishning yangi usullarini qo’llashga urinmoqda.
Shabbat - yahudiylarning muqaddas kuni. Eli Grinberg sinagogaga borish uchun tayyorlanyapti.
Grinberg ko’ngilxushlik qilishni yoqtiradi. 3000 yildan qadimroq tarixga ega dinida bunga imkon borligiga ishonadi.
Bir guruh yahudiy yoshlari bu juma oqshomi ibodatxonaga to’plangan. Demak, o’yin-kulgiga ruxsat bor. Aks holda ular barda o’tirgan bo’lardi.
“Iudaizmning an’anaviy uslubi bilan yoshlarga ta’sir qilish qiyin hozir. Muloqotning yangi yo’llarini topishimiz kerak”, - deydi Grinberg.
Ko’plab cherkov va sinagogalar borgan sari huvillab bormoqda. Yoshlar orasida uyushgan dinga qiziqish susaygan. Bir tadqiqotga ko’ra, Amerika yahudiylarining eng katta guruhini birlashtirgan sinagogada a’zolarning faqat sakkiz foizi 34 yoshgacha bo’lgan yoshlardir.
“Yahudiy bo’lish uchun sinagogaga borish shartmi? Yahudiy do’stlarim bor, o’z tajribam bor, e’tiqodimizni boshqa yo’llar bilan ham bajarsa bo’ladi-ku”, - deydi Juliya Grants.
“Ibodatxonaga qatnash qimmat, buni faqat ota-onalarimiz xohlaydi, xolos”, - deydi yana bir yosh yahudiy.
Yoshlarni jalb etish uchun Adas Isroil sinagogasida qahvaxona va internetga ulanish imkoniyatini yaratish rejasi bor. Loyiha uchun moliyaviy yordam, asosan, keksalardan kelmoqda.
Bu ibodatxona 100 yildan ortiq tarixga ega. 1876-yilda shu binoga tashrif buyurgan AQSh sobiq prezidenti Ulis Grant yahudiylar marosimida qatnashgan ilk davlat rahbari bo’lgan edi.
Adas Isroil kabi sinagogalar va cherkovlar bu o’lkaning diniy va ruhiy hayotida katta rol o’ynagan. Ammo Amerikada din hozir o’zgarishlar pallasida. Ibodatxonalarni kelajakda nima kutmoqda?
Ravin Larri Xofman Nyu-Yorkdagi Ivrit ittifoq kollejida dars beradi.
“Yoshlar kattalar yo’lidan yurmayapti. Hech narsaga qo’shilishmayapti. Ammo bu ular sinagogaga qiziqmaydi, degani emas. Yoshlarni jalb etish uchun ibodatxonalar qandaydir yangi narsalar taklif qilishi kerak”, - deydi u.
Xofmanning aytishicha, yoshlarga yoqadigan uslubda islash kerak.
“Yoshlar bilan qahvaxonalarga, sport zallari, barlarga borib gaplashish kerak”, - deydi ruhoniy.
Adas Isroil sinagogasida Eli Grinberg xuddi shu ish bilan shug’ullanadi. Ravin bunga qarshi emas. Yoshlar ko’payayotganidan mamnun.
“Bu juda muhim. Kelajagimiz shunga bog’liq”, - deydi Grinberg.
Umid shuki, Shabbat shamlari yoqilgach, bu yoshlar ham ota-onalariga qo’shilib, ibodatxona xizmati uchun bel bog’lashadi.