AQShda xususiy kompaniyalar urush faxriylariga yordam bermoqda

  • Amerika Ovozi

"Qahramonlarimizni ishga oling" mehnat yarmarkasida. 25-mart 2014.

AQShda iqtisodiy vaziyat yaxshilanayotganiga qaramay, Iroq va Afg’onistonda xizmat qilib qaytgan faxriylar orasida ishsizlar ko’p – deyarli 10 foiz. Qator kompaniyalar sobiq askarlarga yordam berishga bel bog’lagan.

Musiqa sadolari ostida ishtirokchilar vatanni qutladilar. So’ngra ish qidirish jarayoni boshlanib ketdi. Nyu-York markazida o’tgan yarmarka aynan faxriylar uchun tashkil etilgan, unda ish topish niyatida yurgan mingdan ziyod sobiq askar yig’ildi. Ham xususiy, ham davlat kompaniyalari vakillari shu yerda. “Toyota” singari firmalar urush faxriylarini ishga olishni va’da qilgan.

“So’nggi uch yilda 600 dan ziyod mehnat yarmarkasi tashkil etib, qurolli kuchlardan 22 ming odamni ishga olganmiz. Ular nihoyatda qobiliyatli va malakali insonlar. Yangi kasb-hunar o’rganishga ham tayyor. Armiyada xizmat qilgan odam yetakchilik, mas’uliyat nima ekanini biladi. Faqat o’zini marketing qila bilishi kerak,” - deydi kompaniya vakili Don Evan.

Marketing deganda o’z bilimi, tajribasi va qobiliyatini boshqalarga ko’rsata bilish nazarda tutilyapti. Bir guruh mutaxassislar urush qatnashchilariga bularni qog’ozga tushunarli qilib tushirishda yordam berdi - ishga ariza topshirayotganda ko’rsatish uchun.

“Turli sanoatlarda nom qozongan ko’pgina kompaniya vakillari bilan muloqot qildim. Menga ma’qul vakansiyalar ko’p. Biriga joylashib olaman degan umiddaman,” - deydi bir faxriy.

“Ular bizga yordam bermoqchi. Oramizda depressiyaga tushganlar, jarohat bilan qaytganlar kam emas. Tushunib, madad ko’rsatishayotganidan boshimiz osmonda,” - deydi yana biri.

Jang maydonida ko’rsatgan jasorati uchun eng yuqori harbiy unvon bilan taqdirlangan Dakota Mayer tinch hayotga qaytayotgan safdoshlari nomidan so’zlaydi. Afg’oniston va Iroqda xizmat qilganlarga qiyin, deydi u.

“Eng davomli urushlar shular bo’ldi. Aholining juda kichik qismi qatnashdi ularda – atigi yarim foiz. 12-13 yil davomida urush jabrini tortganlar shular. Ishlashga tayyormizmi? Albatta, qanday ish bo’lmasin, bajarishga shaymiz. Yana urushga chaqirishsa ham boramiz,” - deydi Mayer.

Bugungi kunda ish topishga muvaffaq bo’lgan veteranlar safi kengayib bormoqda, chunki Amerikada iqtisodiyot oyoqqa turayapti, yangi ish joylari yaratilyapti. Minglab askar vatanga qaytar ekan, Oq uy, Kongress va kasaba uyushmalari ham ularga yordam berishga bel bog’lagan.