Kongress a’zolari Obama ma’muriyatini Iordaniyaga qurol-aslaha berishga undamoqda. Bu davlat AQShning “Islomiy davlat”ga qarshi kurashdagi yaqin, muhim hamkori. Jangarilar Iordan uchuvchisini qatl etganidan keyin Iordaniya ularga qarshi kurashni jadallashtirdi.
Your browser doesn’t support HTML5
“Islomiy davlat” guruhini yo’q qilishga ahd qilgan Iordaniya jangarilar lagerlari, kazarma va qurol-aslaha omborlarini havodan o’qqa tutmoqda.
Bu tezkor operatsiya uchun qo’shimcha mablag’ talab qilinadi. AQSh Kongressining yetakchi a’zolari ittifoqchi davlatga yordam ko’rsatish kerak, deydi.
Jon Makkeyn Senatning Qurolli kuchlar qo’mitasi raisi:
“Qo’mitaning birlamchi tashvishi - Iordaniya “Islomiy davlat” guruhiga qarshi kurashni davom ettirishi uchun barcha aslaha va zaxiralarga egaligini kafolatlash”, - deydi senator.
Jangarilar Iordan uchuvchisini tiriklayin yoqib yuborganidan keyin bu davlat rahbarlalari qasos olishga qaror qildi.
Fojea tasvirlangan video tarqalganidan bir kun o’tib qirol Abdulla Vashingtonda rasmiylar bilan uchrashdi va Amerikadan qurol, jangovar samolyotlar uchun ehtiyot qismlar va tunda ko’rish asboblari so’radi.
Tahlilchilar fikricha, Iordaniyani qurol bilan ta’minlash lozim, chunki o'lka Vashingtonning jangarilarga qarshi kurashidagi muhim hamkori.
Devid Shenker Vashington tadqiqotlar institutida arab siyosati dasturini boshqaradi.
“Iordaniya bu urushda Amerikaning asosiy sherigi. Roli juda katta. “Islomiy davlat”ning Suriyadagi jangarilari va bazalariga qarshi hujumlar aynan Iordaniyadan amalga oshirilmoqda,” - deydi u.
Qo'shma Shtatlarning yangi Mudofaa vaziri Eshton Karter Yaqin Sharqdagi bu muhim ittifoqchiga qurol yuborilishini ma’qullamoqda.
Iordaniya aholisi ham qirol Abdullani qo’llab-quvvatlaydi.
Odamlar ko’chalarda namoyishlar uyushtirib, marhum uchuvchining qatl etilishini qoraladi va oilasiga taziya izhor qildi.
Vashingtonda ham siyosatchilar Ammon bilan strategik munosabatlarni mustahkamlash tarafdori. “Aloqalarimiz juda yaqin", - deydi Deyvid Shenker.
Qo’shma Shtatlar Iordaniyaga yillik moliyaviy yordamni 660 million dollardan 1 milliardga oshiradigan bo’ldi.