Vashington: Qozog'iston - Amerika hamkorligi tobora mustahkam

8-10 iyul kunlari Qozog'iston Tashqi ishlar vaziri Erlan Idrissov Vashingtonda bo'lib, AQSh vazirlari va yetakchi diplomatlari bilan uchrashdi.

Xususan Amerika Mudofaa vaziri Chak Xeygl, Energetika vaziri Ernest Moniz, prezidentning davlat xavfsizligi bo'yicha maslahatchisi Syuzan Rays va uning muovini Toni Blinken, AQSh Savdo vakili Maykl Froman va AQSh Davlat kotibi o'rinbosari Vilyam Byorns.

Strategik sheriklik muloqotiga endi AQSh Davlat kotibi Jon Kerri va Qozog'iston Tashqi ishlar vaziri Erlan Idrissov raislik qiladi. Aytish joiz, bu strategik dialogning ikkinchisi. Birinchisi 2012-yilda bo'lib o'tgan.

Xo'sh, bu muloqot nimadan iborat? Qay maqsad va masalalar xususida gap ketmoqda?

Birinchidan, Afg'oniston va mintaqaviy integratsiya. Markaziy Osiyo davlatlarini qo'shni mamlakat bilan bog'lash, o'zaro hamkorlikni oshirish va bunda Qozog'iston yetakchi rol o'ynashi. Hozirda bu davlat qurilish, energetika va oziq-ovqat hamda ta'lim sohalarida ko'mak ko'rsatayapti. Afg'on yoshlari Qozog'iston bilim yurtlarini bitirmoqda. Lekin Ostona madad ko'lamini oshirishga qodir, deydi Amerika rasmiylari. Kaspiy dengizi bo'yidagi Aktau shahri yirik mintaqaviy portga aylanishi va Qozog'iston-Turkmaniston orasida yangi temir yo'l qurilishi uchun sarmoya qilinayotgani ham Vashington nazarida konkret qadamlar.

Ikkinchidan, yadroviy xavfsizlik va atom ashyolari yoyilmasiligini ta'minlash. Tomonlar bu borada ancha yillardan beri ishlab keladi. Qozog'istonda Yadroviy xavfsizlik trening markazi ochiladi. Ostona quyi darajada boyitilgan uranni saqlash uchun maxsus zaxira makoni yaratishga ham tayyor. Davlatlar harbiy hamkorlikni oshiradi. Zobitlar tajriba almashishi uchun ko'proq sharoit yaratiladi. Terrorizmga qarshi kurash yo'lidagi hamkorlik kuchaytiriladi.

Uchinchidan, demokratiya va taraqqiyot. Amerika nazarida Qozog'istonda so'z va matbuot erkinligi, siyosiy huquqlar bag'oyat cheklangan va rahbariyat vaziyatni yaxshilash uchun dadil qadamlar tashlashi kerak. Muxolifat tazyiqqa olinmasligi, fuqaro o'z fikrini bemalol ayta olishi uchun zamin yaratilishi lozim, deya bildirildi Vashingtonda o'tgan uchrashuvlarda. Nohukumat tashkilotlar erkin faoliyat yurita olsin, fuqaro jamiyatiga yo'l ochilsin, deydi AQSh diplomatlari.

Qozog'iston Tashqi ishlar vaziri Erlan Idrissov "Amerika Ovozi" bilan eksklyuziv suhbatda "kelajakda dunyoning 30 eng rivojlangan, zamonaviy va yetuk davlatlari qatoridan o'rin olish niyatidamiz", dedi. AQSh ta'biricha, bunday yutuqqa demokratiya va erkinliksiz erishib bo'lmaydi.

Your browser doesn’t support HTML5

Qozog'iston Tashqi ishlar vaziri bilan suhbat, Navbahor Imamova, 9-iyul 2013

Your browser doesn’t support HTML5

Kazakh FM Erlan Idrissov talks to Navbahor Imamova VOA 7-9-13


To'rtinchidan, savdo, sarmoya va energetika. Vashington Qozog'iston tezroq Jahon Savdo Tashkilotiga kirishini istaydi va unga bu yo'lda yordamni ayamaydi. Markaziy Osiyoda eng ko'p sarmoyani Amerika aynan Qozog'istonga kiritgan, ya'ni AQShda asoslangan neft kompaniyalari bu davlatda uzoq yillardan beri ishlab keladi. Vashington biznes hamkorlikni kengaytirish uchun Ostonani iqtisodiy tarmoqlarni rivojlantirishga undamoqda. Yangi sohalarga asos solib, Qozog'iston faqat xom ashyo sotadigan mamlakat emas, xilma-xil mahsulotlar ishlab chiqaruvchi, turli xizmatlar ko'rsatuvchi sanoatlarga ega bo'la oladi, deydi Idrissov.

Beshinchidan, ilm-fan va texnologiya. Olimlar, muhandislar va talabalar uchun almashiniv dasturlarini ko'paytirish. Bunga xususiy sektorni jalb etish. Turli loyiha va tadbirlar doirasida o'zaro hamkorlikni mustahkamlash.

Oltinchidan, madaniy aloqalarni jadallashtirish. Turizmni quvvatlab, ikki xalq bir-biriga darvozani kengroq ochishi uchun diplomatlar, rasmiylar, talabalar, jurnalistlar, tadbirkorlar va sayyohlarga besh yillik viza berishga kelishib olindi.