Breaking News

Qozog'iston Tashqi ishlar vaziri bilan Vashingtonda yuzma-yuz suhbat


Qozog'iston Tashqi ishlar vaziri Erlan Idrissov "Amerika Ovozi" bilan suhbatda, Vashington, 9-iyul, 2013
Qozog'iston Tashqi ishlar vaziri Erlan Idrissov "Amerika Ovozi" bilan suhbatda, Vashington, 9-iyul, 2013
Qozog’iston Tashqi ishlar vaziri Erlan Idrissov ayni damda Vashingtonda. Kecha Pentagonda AQSh Mudofaa vaziri Chak Xeygl bilan uchrashib, uzoq muloqot qilgan. Oq uy va Davlat departamentida ham bo’lgan.

Qozog'iston Tashqi ishlar vaziri bilan suhbat, Navbahor Imamova, 9-iyul 2013
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:10:35 0:00
Yuklab oling
Kazakh FM Erlan Idrissov talks to Navbahor Imamova VOA 7-9-13
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:15:38 0:00
Yuklab oling

Qozog’iston Tashqi ishlar vaziridan avvalo Vashingtondagi ketma-ket uchrashuvlar tafsilotlarini so’radik.

IDRISSOV: “AQShga tashrifimni biznes doiralar bilan bir davrada o’tirib nonushta qilishdan boshladim. Ularga Qozog’istondagi o’zgarishlar, hukumat qarorlarini bilish juda muhim. So’ngra prezident Barak Obamaning davlat xavfsizligi bo’yicha yangi maslahatchisi Syuzan Rays bilan ko’rishdim. Uning muovini Toni Blinken bilan uzoq suhbat qildim. AQSh Davlat kotibi muovini Vendi Sherman va boshqa yuqori lavozimli rasmiylar bilan muloqotda bo’ldim. Keyin esa Mudofaa vaziri Chak Xeygl bilan uchrashdim. Kechki payt esa Atlantika Kengashida ziyofatda bo’lib, u yerda o’tiradigan sobiq rasmiylar, xususan prezident sobiq maslahatchilari Zbignev Bjejinskiy va Jim Jouns bilan gaplashdim”.

Vazir Idrissov deydiki, Xeygl bilan fikr almashilganida, bir narsaga urg’u berilgan: Afg’oniston oyoqqa turishi avvalo uning o’z zimmasida. Buning uchun tashqi dunyo qo’ldan kelgancha yordam berishi, uni quvvatlashi kerak. Ammo tinchlik yuzaga kelib, bu jamiyat taraqqiy etishi uchun uning o’zi ter to’kishi kerak, deydi Qozog’iston bosh diplomati.

Qo’shni davlatlarning roli beqiyos. Shu bois Ostona yaqinda bu borada yig’in o’tkazib, Afg’oniston atrofidagi 15 mamlakatni birgalikda iqtisodiy-ijtimoiy ko’mak ko’rsatishga undadi. Qozog’iston, shuningdek, Afg’onistonga yuk va harbiy kuch tashiladigan tranzit yo’lining bir qismi. Xalqaro koalitsiya 2014-yil oxirigacha chiqib ketish harakatida ekan, respublika bu boradagi hamkorlikni davom ettiradi, deydi Idrissov.


AMERIKA OVOZI: Afg’onistonga 2014-yildan keyingi qiyin davrda Qozog’iston aynan qanday yordam va’da qilmoqda?

IDRISSOV: Qozog’iston 2007-yildayoq Afg’oniston uchun alohida hisob ochib, mablag’ ajratib kelmoqda. Masalan, Qunduz viloyatida yo’llar, maktablar va kasalxonalar qurib berayapmiz. Yonilg’i va don mahsulotlarni insonparvarlik yordami sifatida uzatib kelayapmiz. 2011-yildan beri o’quv dasturlarini ham ishga solganmiz. Afg’onistondan 1000 talaba biz ajratgan 50 million dollar evaziga universitetlarimizda bilim olib, vataniga qaytmoqda. Shifokorlar, muhandislar, agronomlar va huquq-tartibot xizmatchilari. O’tgan yili Chikagoda NATO sammitida afg’on milliy xavfsizlik kuchlari uchun 2 million dollar berdik. Yordamni to’xtatmaymiz.

AMERIKA OVOZI: Qo’shma Shtatlar kelasi yili yozda Qirg’izistondagi Manas tranzit markazini yopishga majbur bo’lib, mintaqadan boshqa joy qidirsa, Qozog’iston o’z obyektlarini taklif qiladimi? Vashingtonda bu borada ham so’z ochilganini bilamiz.

IDRISSOV: Manas hali yana bir yilga ochiq. Ko’ramiz undan keyin nima bo’ladi. Hozir tomonlar bu masalada muzokara qilayotgani ma’lum. Ishonchim komilki, Amerika yo’lini topadi. Qozog’iston chet el qo’shinlari uchun baza berish haqida o’ylayotgani yo’q. Lekin biz AQShga barcha jabhada ko’maklashib kelayapmiz.

AMERIKA OVOZI: Vashingtondagi muzokaralarda Qozog’iston Shimoliy Ta’minot Tizimi, Afg’onistonga yuk va harbiy kuch tashiladigan yo’nalishning yirik qismi deb ko’p tilga olinayapti. Siz mana bu tizim 2014-yildan keyin mintaqaviy savdo sistermasiga aylansin deb kelayotgan arboblardansiz. Masalani o’rganib chiqqan mutaxassislar deydiki, Shimoliy Ta’minot Tizimi Amerika izni ostida bo’lgani uchun ham ishlayapti va samara berayapti. Lekin ertaga AQSh chiqib ketsa, Markaziy Osiyo bu loyiha o’rnida hech narsa amalga o’shira olmaydi, degan fikrlar mavjud. Chunki mintaqa tarqoq, hukumatlar birga ishlay olmaydi, deyishadi. Nima deysiz?

IDRISSOV: Biz aynan shu mavzuda ko’p gaplashdik bugun. Tizim hozir yaxshi ishlayapti, chunki tashishga mahsulot bor. Ertaga u nimadan iborat bo’ladi? Biz o’zaro savdoni jadallashtirishimiz kerak, iqtisodiy hamkorlikni oshirishimiz kerak. Qozog’iston shu bois ham mintaqada qay davlat bilan bo’lmasin, biznes va sarmoyaga ahamiyat qaratmoqda. Mintaqaviy integratsiya – zamon talabi. Iqtisodiy jihatdan yaqindan ishlamasak bo’lmaydi. Bundan hammamiz faqat foyda ko’ramiz. Bilasiz, orada (AQSh bir necha yil oldin tanishtirgan TIFA – Trade and Investment Framework Agreement) Savdo va sarmoya kelishuvi bor. Unga Markaziy Osiyoning besh respublikasi, Afg’oniston va AQSh kiradi. Mana shu hamkorlik asosida, uni kuchaytirgan holda va bir yoqadan bosh chiqarib harakat qilish kerak. Biz tayyor.

AMERIKA OVOZI: Nima orqaga tortayapti mintaqani? Nega shu paytgacha mintaqaviy birdamlik, integratsiya tomon dadil qadam tashlanmadi? Ikki tomonlama hamkorlik bor, lekin mintaqa miqyosida birdamlik yo’q.

IDRISSOV: Astalik bilan qadam tashlanayapti, masalan Orol dengizini asrab qolish uchun besh respublika bosh qo’shgan loyiha bor. Lekin, siz haqsiz, integratsiya tomon dadil harakat sezilmaydi. Aytish kerak, O’zbekiston va Qozog’iston orasida savdo ko’lami kengaydi. Biz hozir O’zbekistonning Xitoy va Rossiyadan keyingi uchunchi yirik biznes hamkorimiz. Yiliga 2 milliard dollardan oshadi. Mintaqaning ikki yirik davlati ekanmiz, iyun oyida prezidentlarimiz uchrashib, hamkorlikni kengaytirishga kelishib oldik. Turkmaniston bilan yiliga 1 millliarddan oshiq, Tojikiston va Qirg’iziston bilan yarim milliard dollarga yaqin savdo qilayapmiz.

AMERIKA OVOZI: Markaziy Osiyoning iqtisodiy jihatdan eng oyoqqa turgan davlati tashqi ishlar vaziri sifatida, integratsiya-birdamlik uchun bugun mintaqaviy miqyosda siyosiy iroda yetarli deya olasizmi?

IDRISSOV: Umid qilamiz bunga. Biz qo’ldan kelgancha hammani yaqindan ishlaylik, chegara osha aloqa va biznesni kengaytiraylik deya chorlayapmiz. Siyosiy muloqotni amaliy ishlarga aylantiraylik deymiz.

AMERIKA OVOZI: Suv taqsimoti yuzasidan kelishmovchilik hozir hammani xavotirga solmoqda. Qozog’istonning pozitsiyasi qanday?

IDRISSOV: Qozog’iston quyi oqimda joylashgan. Suvning 50 foizi tashqaridan, tepadan keladi. Rossiya va Xitoy bilan suv taqsimoti bobida aniq kelishuvlarga egamiz va hozirda Markaziy Osiyodagi qo’shnilarimiz bilan bu borada faol muloqotdamiz. Suv masalasi do’stona ravishda, sabr-toqat bilan, uzoq muddatni o’ylagan tarzda hal etilishi kerak. Pozitsiyasimiz oddiy. Suv bo’lishish bo’yicha xalqaro tamoyil va me’yorlar bor. Ularga ko’ra, quyi va yuqori oqimda joylashgan davlatlar teng huquqqa ega. Tomonlarning iqtisodiy talab va manfaatlariga javob berish kerak. Davlatlar bir-biriga zarar keltira olmaydi. Dunyoning qayeriga bormang, shu. Yevropada, masalan… Markaziy Osiyodagi bugungi kelishmovchilik odamni tashvishga soladi, albatta, lekin uni hal etish yo’llari bor. Biz birdamlik, hamjihatlik tarafdorimiz.

AMERIKA OVOZI: Qozog’iston tashqi siyosatining uch bosh ustuvor jihatlari nimada?

IDRISSOV: Birinchidan, iqtisodiy taraqqiyotni ko’zlab ish tutish… 2050-yilgacha bo’lgan davrni qoplovchi dastur ishlab chiqqanmiz. Maqsad – har tomonlama ildamlash. Zamonaviy, o’zini o’zi to’ydira oladigan, erkin va dunyoviy jamiyatga aylanishni istaymiz. Jahonning 30 eng rivojlangan mamlakatidan biriga aylanishga bel bog’laganmiz.

AMERIKA OVOZI: Va mintaqabiy lider bo’lishni xohlaysiz, shundaymi?

IDRISSOV: Allaqachon lidermiz. Har jihatdan oldindamiz hozir. Raqamlar buning isboti. Iqtisodiy jihatdan oyoqqa turar ekanmiz, fuqaro jamiyati qurishimiz kerak. Erkin va inson huquqlari hurmat qilinadigan demokratik mamlakat bo’lamiz. Bu murakkab jarayon. Lekin uddasidan chiqamiz. Sarmoya oqimi to’xtamasligi kerak. Investitsiya hisobiga iqtisodimizni kengaytirishimiz, faqat xomashyo sotadigan emas, xilma-xil yo’nalishli, boy tizimga aylanish. Uchinchidan esa qo’shnilarimiz bilan aloqalarni mustahkamlash va dunyoning boshqa qismlari bilan hamkorlikni oshirish, masalan Lotin Amerika davlatlari bilan. Xususan Braziliya singari yirik mamlakatlar bilan… Rossiya, Xitoy, Hindiston, Yevropa Ittifoqi va Amerika bilan rishtalar a’lo. Braziliyada elchixona ochdik, kelasi yil Meksikada ochamiz… Afrika uchun rejalarimiz bor. O’zimiz uchun imkoniyat ochayapmiz, yaratayapmiz.

AMERIKA OVOZI: Muvozanatni qanday ta’minlaysiz? Rossiya, Xitoy va Amerikadek raqobatchilar bilan aloqalarni a’lo darajada ushlab turish qiyin emasmi, mumkinmi bu o’zi?

IDRISSOV: Albatta, mumkin. Biz tarixan ko’chmanchi xalqmiz. Sharoitga moslasha oladigan, talab-manfaat yo’lida murosaga moyil elatmiz. Istak va harakat bo’lsa, hamma bilan til topishish va muvozanatni ta’minlash mumkin. Kecha va bugungi uchrashuvlarda ham shu borada gaplashdik.

AMERIKA OVOZI: Rahmat sizga suhbat uchun.

IDRISSOV: Sizga ham rahmat!

Interview with Erlan Idrissov, Foreign Minister of Kazakhstan, Navbahor Imamova VOA
Interview with Erlan Idrissov, Foreign Minister of Kazakhstan, Navbahor Imamova VOA
  • 16x9 Image

    Navbahor Imamova

    Navbahor Imamova - "Amerika Ovozi" teleradiosining yetakchi multimedia jurnalisti. "Amerika Manzaralari" turkumidagi teledasturlar muallifi. Ko'rsatuvlar taqdim etish bilan birga prodyuser, muxbir va muharrir. O'zbekistonda akkreditatsiyadan o'tgan yagona amerikalik jurnalist. "Amerika Ovozi"da 2002-yildan beri ishlaydi. Jurnalistik faoliyatini 1996-yilda O'zbekiston radiosining "Xalqaro hayot" redaksiyasida boshlagan. Jahon Tillar Universiteti Xalqaro jurnalistika fakultetida dars bergan. Ommaviy axborot vositalari bo'yicha bakalavrlikni Hindistonning Maysur Universitetidan (University of Mysore), magistrlikni esa AQShning Bol Davlat Universitetidan (Ball State University) olgan. Shuningdek, Garvard Universitetidan (Harvard University) davlat boshqaruvi va liderlik bo'yicha magistrlik diplomiga ega. Jurnalistik va ilmiy materiallari qator xalqaro manbalarda chop etilgan. Amerikaning nufuzli universitetlari va tahlil markazlarida so'zlab, ma'ruzalar o'qib keladi. "Amerika Ovozi" oltin medali sohibi. Tashkilotda gender va jurnalistika bo'yicha kengash raisi. Toshkent viloyati Bo'stonliq tumani Qo'shqo'rg'on qishlog'ida ziyoli oilasida ulg'aygan.

    Navbahor Imamova is a prominent Uzbek journalist at the Voice of America. As anchor, reporter, multimedia editor and producer, she has covered Central Asia and the U.S. for more than 20 years on TV, radio and online. Since 2018, she has also been reporting from inside Uzbekistan as the first-ever U.S.-based accredited correspondent in the country. During 2016-2017, she was a prestigious Edward S. Mason Fellow in public policy and management, while earning her Mid-Career Master in Public Administration at Harvard University’s John F. Kennedy School of Government. Navbahor played a pivotal role in the launch of Uzbek television programming at VOA in 2003, and has since presented more than 1000 editions of the flagship weekly show, “Amerika Manzaralari” (Exploring America), which covers American foreign policy focusing on Washington’s relations with Central Asia, as well as life and politics in the U.S. She speaks frequently on regional issues in Central Asia, as well as Uzbek politics and society, for policy, academic, and popular audiences. Her analytical pieces have been published in leading academic and news outlets including Foreign Policy, The National Interest, and the Atlantic. Navbahor also is the founding President of the VOA Women’s Caucus. She began her career at Uzbekistan’s state broadcasting company in Tashkent. She holds a Bachelor of Arts in journalism and mass communication from the University of Mysore, India and a Master of Arts in journalism from Ball State University, Indiana.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG