AQSh mudofaa vaziri Osiyo safari doirasida Seulda ham to’xtab o’tadi

  • Amerika Ovozi

Robert Geyts Janubiy Koreya rahbari Li Myun Bak bilan. Vazirning tashrifi chog'ida hamkorlik, harbiy mashqlar va Shimoliy Koreya xatti-harakatiga, yadroviy izlanish va raketa sinovlariga javob muhokama qilinadi.

AQSh Mudofaa vaziri Robert Geyts kelasi oy Osiyo bo’ylab safar rejalar ekan, Janubiy Koreyada ham to’xtab o’tadi.

Vazir avvaliga faqat Xitoy va Yaponiyaga borishni rejalagan edi. Pentagon matbuot kotibi Jeff Morrellning aytishicha, Geyts 14-yanvarda Seulda bo’lib, Janubiy Koreya Mudofaa vaziri Kim Kvan Jin bilan ko’rishadi.

Hamkorlik, harbiy mashqlar va Shimoliy Koreya xatti-harakatiga, yadroviy izlanish va raketa sinovlariga javob muhokama qilinadi.

9-12 yanvar kunlari Robert Geyts Xitoy va Yaponiyaga safar qiladi. Xitoy Shimoliy Koreyaning yaqin ittifoqchisi.

Geyts Xitoy va Yaponiya mudofaa vazirlari general Liang Guangli va Toshimi Mitazava bilan muloqot qiladi.

Yaponiyada AQShning 50 ming kishilik askari bor. Shimoliy Koreya tahdidi oshib, Xitoy harbiy salohiyati ortib borar ekan, Yaponiya oy boshida janubiy sohillarida mudofaani mahkam qilishga kirishgan.

Koreya yarimorolidagi tang vaziyat har uch davlatda muloqot paytida ustunlik qilishi kutilmoqda.

Janubiy Koreya dengiz va quruqlikda harbiy mashqlar o’tkazar ekan, Shimoliy Koreya g’azabda. AQSh bilan hamkorlikda o’tayotgan bu mash’ulotlar hudud tinchligi, barqarorligiga tahdiddir, deydi kommunistik davlat rasmiylari.

Yil boshidan beri rasmiy Pxenyan qo’shni davlatga qarshi ikki tadbir ko’rib, 50 kishining hayotiga zomin bo’lgan.

Mart oyida kommunistik davlat otgan torpedo Janubiy Koreyaga qarashli kema va 46 matrosni yo’q qilgan edi. O’tgan oy esa Pxenyan Janubiy Koreyaga qarashli orolni o’qqa tutib, to’rt odamni o’ldirgan.

Robert Geyts Xitoyga yozda safar qilmoqchi edi. Lekin AQSh Tayvanga qiymati bir necha milliard dollarlik qurol sotishga kelishib olgach, Pekin norozi bo’lib, vazir tashrifini kechiktirgan.

Xitoy bu orol davlatni o’ziniki deb biladi. Rasmiy Pekin hatto Vashington bilan har qanday harbiy aloqani uzgan edi.

Qo’shma Shtatlar qudratga to’lib borayotgan, regionda nufuzi tobora oshib borayotgan Xitoy bilan harbiy muloqot davom etishidan manfaatdor.

AQSh va Xitoy mudofaa arboblari so’nggi paytda yana bordi-keldi qilmoqda.