Yaqinda o’tkazilgan ommaviy so’rov natijasiga ko’ra, Amerika fuqarolari orasida Liviyadagi mojaroga aralashmaylik deyayotganlar ko’pchilik. Lekin bu xalqqa madad berish kerak deyayotganlar ham katta sonni tashkil etadi.
Liviyaning bepoyon cho’llarida hukumat va isyonchilar orasida qonli janglar davom etyapti. AQSh bu mojaroga aralashib, to’g’ri ish qildimi? Liviyani nishonga olayotgan ittifoqchilar nimaga erishmoqchi?
Amerika qonunchilari prezident Obama bizga to’liq hisobot bersin deydi.
Respublikachi congressmen Maykl Ternerning aytishicha, Kongress bu harakatlarga ijozat bermagan bo’lardi. “Prezident biz bilan maslahat qilgani, fikrimizni so’ragani yo’q”, - deydi u.
AQSh Mudofaa vaziri Robert Geytsning ta’kidlashicha, Liviya rahbari Muammar Qaddafiyni hokimiyatdan ketkazish uchun turli vositalar qo’llanmoqda, jumladan siyosiy va iqtisodiy.
“Amerika zobitlarini bu davlatga kiritish niyatimiz yo’q. Qaddafiyning taqdiri bu xalqning o’ziga havola. Uni nishonga olish xalqaro missiya doirasiga kirmaydi”, - deydi Geyts.
http://www.youtube.com/embed/E2a_IIkDNeA
Amerikaliklar orasida so’rov o’tkazgan olim Piter Braun deydiki, fuqarolar “bizning Liviya bilan nima ishimiz bor” deb so’rayapti. Xalq urushlardan charchagani ayon.
“So’rovda so’nggi 10 yilda olib borilgan siyosatni qattiq tanqid qilishdi. O’zi Afg’oniston va Iroqda botqoqqa botganmiz. Endi Liviyada ham majburiyat olamizmi degan qo’rquv bor”.
Xalqqa bunday paytda qancha ko’p ma’lumot berilsa, shuncha yaxshi. Prezident Obama masalaning bu nozik jihatidan yaxshi xabardor ekanini aytadi.
“Iroqda hokimiyat almashishi uchun 8 yil vaqt, bir trillion dollar pul ketdi. Minglab odam halok bo’ldi. Liviyada bu takrorlanmaydi”, - deya ta’kidladi prezident Obama.
Missiya uchun javobgarlik yaqinda NATO zimmasiga o’tdi. Qo’shma Shtatlar vaqtincha yetakchilik qilishini boshidan aytgan edi.
Siyosatshunos Stiven Xess so’zlariga qaraganda, amerikaliklar Liviya aholisini himoya qilishga qaratilgan havo hujumlariga qarshi emas. Ammo AQSh ishtiroki qisqa muddatli va cheklangan bo’lishi zarur.
“Ikki urushga zo’rg’a chidab kelayapmiz. Amerikaning o’zida iqtisodiy muammolar talay. Uchinchi bir davlat ishlariga aralashish uchun hecham ishtaha yo’q”, - deydi olim.
AQSh ikki o’t orasida… Bir tomondan uni o’zga davlat ishlariga aralashayotganlikda tanqid qilishmoqda. Ikkinchi tomondan esa qirg’inga befarqlikda.