2017-yil zamonaviy AQSh tarixida qurol zo'ravonligi yangi rekord darajaga chiqdi. Shu kungacha ro'y bergan 60 mingdan ortiq otishmada kamida 15 ming odam halok bo'lgan.
1-oktabr kuni Las-Vegasda yuz bergan otishma zamonaviy AQSh tarixidagi eng qonli qatliom bo'ldi.
Stiven Peddok mehmonxona derazasidan konsert ko'rish uchun kelgan 22 ming tomoshabinga qarata o't ochdi. Natijada 60 ga yaqin kishi o'ldi, yuzlab odam yaralandi. Jinoyatchining biror xalqaro terror guruhiga aloqasi borligi aniqlanmadi.
"Barcha mahalliy va federal ma'lumotlar bazalarida bu shaxs haqida hech qanday ma'lumot chiqmadi", - dedi politsiya rasmiysi Jo Lombardo.
Oradan bir oy o'tib Texasdagi cherkovda yuz bergan yana bir xurujda 26 kishi o'ldi, 20 dan ortiq odam jarohatlandi. Qotil imkon qadar ko'proq odamni o'ldirishni niyat qilgan, deydi huquq-tartibot organi xodimlari.
"Manzara juda dahshatli. Ta'riflashga hatto so'z ojiz", - deydi FBR xodimi.
"U bu yerga aniq masqsad va missiya bilan kelgan", - deydi yana bir rasmiy.
Rozan Solis otishmada omon qolganlardan. Yetti daqiqalik terrorni u shunday xotirlaydi.
"Qonga botgan jasadlarni ko'rdim. Chunki yashiringan joyimdan chiqmaganim uchun hammasini ko'rdim", - deydi u.
1-iyul kuni Arkanzas shtatining Litl Rok shahrida yuz bergan otishmada 28 odam yaralandi.
14-iyun kuni basketbol maydonida kongressmen Stiv Skalis va yana uch kishi o'q tegishidan yaralandi. Qonunchi jiddiy jarohat oldi, ammo tuzalib sentabrda Kapitoliyga qaytdi.
"Har biringizdan Xudo rozi bo'lsin. AQShni Xudo yorlaqasin", - dedi respublikachi qonunchi Skalis.
Qurol zo'ravonligi arxivi ta'rifiga ko'ra, o'q otgan odamdan tashqari kamida to'rt kishi yaralansa yoki o'lsa, bunday hodisa ommaviy otishma hisoblanadi. 2017-yil AQShda bunday voqealar soni 340 dan oshdi.