25-noyabr kuni AQSh-Meksika chegarasida migrantlar namoyishi to'polonga aylanib, yuzlab odam AQSh tomonga o'tishga harakat qilgan. AQSh askarlari ko'zni yoshlantiruvchi gaz vositasida ularni to’xtatishga muvaffaq bo’ldi.
Ikki mamlakat tartibbuzarlar javobgarlikka tortiladi va mamlakatiga deportatsiya qilinadi, deya ta'kidlamoqda. Meksika hukumati chegaraning ayrim qismlarini mustahkamlashini bildirdi.
Markaziy Amerika mamlakatlaridan taxminan 5000 migrant katta yo'lni bosib o'tib, shu kunlarda AQSh chegarasigacha yetib keldi. Hozir ular Meksikaning Tixuana shahrida palatkalarda yashamoqda. O'z mamlakatida jinoyat va og'ir hayotdan qochgan bu odamlarning maqsadi Amerikadan siyosiy boshpana olish.
AQSh Milliy xavfsizlik vaziri Kirsten Nilsen chegaradagi vaziyatni izohlab deydiki, karvon bo'lib kelgan migrantlar AQSh bojxona va chegara xodimlariga turli jismlarni uloqtirgan va shu bois ularga qarshi ko'zni yoshlantiruvchi gaz qo'llangan.
Meksika Ichki ishlar vazirligi bergan bayonotda aytilishicha, inson huquqlarini e’zozlash va migratsiyani jinoiy javobgarlikdan xoli deb tan olish siyosatidan kelib chiqib, migrantlarga qarshi harbiy kuch safarbar etilmaydi. Biroq chegara punktarida nazoratni kuchaytiriladi.
Tixuana shahri ma’muriyati tartibsizliklarni uyushtirgan 39 kishi hibsga olinganini ma'lum qildi.
AQShdan boshpana istab chegaragacha yetib kelgan 5000 kishi, asosan, Gonduras, Gvatemala va Salvadordan. Ular boshpana olish murojaatlarining ko’rib chiqilishi uzoq cho’zilayotganidan norozi. AQSh tomon har kuni taxminan 100 kishini ro'yxatga oladi.