Davlat kotibi Mayk Pompeo AQShning Yaqin Sharq bo'yicha siyosatini tushuntirar ekan, Barak Obama davrida qilingan qarorlarni keskin tanqid qildi.
"Amerika - Yaqin Sharqda ijobiy kuch", - dedi Pompeo Qohiradagi Amerika Universitetida qilgan nutqida.
10 yil oldin bu oliygohda so'zlagan sobiq Prezident Barak Obama islom dunyosi bilan yangicha aloqalarni yo'lga qo'yishini aytib, terrorizmga qarshi kurashda xatolar bo'lganini tan olgan edi.
Mayk Pompeo Obamaning ismini tilga olmasdan, o'tmishdagi siyosatni qoraladi.
"Xushxabar shuki, Amerika o'zini sharmanda deb hisoblaydigan davr o'tdi, keraksiz uqubatlarga olib kelgan qarorlar davri ham. Haqiqiy yangi boshlanish endi bo'ladi", - deydi u.
Ikki yilda, deydi vazir, AQSh Donald Tramp yetakchiligida Yaqin Sharqda an'anaviy ijobiy rolini tikladi, o'z xatolaridan saboq oldi.
Pompeo Eron va bu davlatning yadroviy dasturiga doir xalqaro kelishuvga ham to'xtaldi:
"Prezident Tramp bu rejimdan kelayotgan xavfga ortiq ko'z yummaydi, yolg'on va'dalarga ishonmaydi. Shuning uchun yadroviy kelishuvni tark etdik".
Trampning Suriyadan amerikalik harbiylarni chiqarish qarorini davlat kotibi shunday izohladi:
"Missiya o'zgargani yo'q. "Islomiy davlat" guruhini qirib tashlash, islomiy radikalizmning barcha ko'rinishlariga qarshi kurash missiyasiga sodiqmiz".
Lekin AQSh, deydi Pompeo, bu kurashning kattaroq qismini ittifoqchilar o'z zimmasiga olishini istaydi.
Misrga safari oldidan Amerika tashqi ishlar vaziri Iroqning Irbil va Bag'dod shaharlariga tashrif buyurdi. Bundan oldin Trampning davlat xavfsizligi bo'yicha maslahatchisi Jon Bolton Turkiyaga safar qilgan edi, Prezident Rajab Toyib Erdog'an u bilan yuzma-yuz uchrashuvdan bosh tortgan.
Boltonga ko'ra, AQSh Suriyadan qo'shinlarini olib chiqishining bir sharti shuki, Turkiya Syriyadagi kurd jangchilarni nishonga olmasligi kerak. Kurdlar Daishga qarshi kurashda AQSh bilan hamkorlik qilib keladi.