AQSh jang maydonida robot-samolyotlardan keng foydalanyapti

  • Amerika Ovozi
2001-yilgi terror xurujlaridan beri AQSh armiyasida katta o’zgarishlar ro’y berdi. Yangi zamon yangi tahdidlarga moslashishni talab qiladi. AQSh harbiylari o’zini o’zi boshqaruvchi robotlardan tobora kengroq foydalanishga o’tgan.

AQSh armiyasi arsenalida 10 mingdan ziyod uchuvchisiz harbiy samolyotlar bor. Markaziy Razvedka Agentligi ham alohida operatsiyalar olib boradi. Al-Qoida yetakchilaridan Abu Yahyo al-Libi ular yordamida o’ldirilgan edi.

Pokiston bu vositalar uning territoriyasida qo’llanilayotganidan g’azabda. Biroq AQSh rasmiylarining ta’kidlashicha, terrorizmga qarshi kurashda ular eng effektiv qurol.

“Pokistonga ro’yirost aytganmiz-ki, Qo’shma Shtatlar o’zini himoya qilishga haqli va amaliy choralar ko’radi. Al-Qoida yetakchilarini birma-bir nishonga olayapmiz. Bu amaliyotlar davom etadi”, - deydi Mudofaa vaziri Leon Panetta.

Pilotsiz samolyotlar AQSh uchun arzon. Mo’ljalni aniq nishonga oladi. Minglab kilometr uzoqdagi bazalardan boshqarilgani sabab uchuvchilar hayotiga ham xavf yo’q.

Mudofaa xarajatlari kamayib borayotgan va amerikaliklar urushlardan charchagan bir paytda, Obama ma’muriyati jang maydonida robotlarga tobora ko’proq tayanmoqda.

Mudofaa vaziri sobiq muovini Mishel Flornoy bu strategiya ortida turganlardan.

“O’zini o’zi boshqaradigan sistemalar AQSh armiyasini yengilmas kuchga aylantirishga qodir, chunki ustunlik siz tomonda. Ularni sinovdan o’tkazyapmiz, murakkab sharoitlarda qo’llashni o’rganyapmiz”, - deydi u.

Harbiy-texnologik inqilob allaqachon boshlangan, deydi ayrimlar. Robot-samolyotlar o’ta effektiv qurol. Zimdan harakat qiladi. Obama ma’muriyati shu bois ham ular razvedkaning ajralmas qismiga aylantirgan.

Jon Brennan, prezidentning aksil-terrorizm bo’yicha maslahatchisi deydiki, pilotsiz vositalar mo’ljalni aniq oladi, talofatni kamaytiradi.

Ammo huquq faollarining aytishicha, Pokiston va boshqa davlatlarda begunoh odamlar qurbon bo’layotgani haqiqat. Ommaga bu haqda yetarlicha axborot berilmayapti, deydi Medea Benjamin.

“Odam o’ldirish oson bo’lib qoldi”.

Harbiylar nazarida uchuvchisiz samolyotlar kelajak qurollari va nimaga qodir ekanini ko’rsatib bo’lgan. Faollar esa ularni nazorat qiluvchi yangi qonunlar qabul qilishni talab qilmoqda.

http://www.youtube.com/embed/9PB__PqMFfI