AQShda prezidentlikka da’vogarlar saralanmoqda. Respublikachilar yozga borib bir nomzod tanlaydi va u 6-noyabrdagi saylovda amaldagi rahbar, demokrat Barak Obama bilan bellashadi.
Massachussetts shtati sobiq gubernatori Mitt Romni reytinglar va saralash jarayonida peshqadamlik qilmoqda. U nasroniylarning mormon oqimidan. Bu guruh, ko’plab dindor amerikaliklar nazarida, adashgan to’da, Injil ko’rsatgan yo’ldan chiqib ketgan.
Jahonda 13 millionga yaqin mormon bor. 5,5 millioni Amerikada. Xususan, Yuta shtatida jahondagi mormonlarning 12 foizi va Amerika mormonlarining esa 72 foizi yashaydi.
Deyv Kuk va uning rafiqasi mormonlar oqimi vakillari.
"Odamlar cherkovimiz haqida yaxshi bilmaydi. Ba’zilarning esa umuman xabari yo’q. Shundan ko’p tushunmovchiliklar kelib chiqadi",- deydi Deyv.
Mormonlar AQSh aholisning ikki foizidan kamini tashkil qiladi. Biroq so’nggi voqealar bu oqimga bo’lgan qiziqishni kuchaytirdi.
Respublikachilar orasida prezidentlikka da’vogarlardan ikkisi mormon edi. Massachusets sobiq gubernatori Mitt Romni va Yuta shtati sobiq gubernatori Jon Xantsmen. Xantsmen o’tgan hafta poygadan chiqib, Romnini qo’llab-quvvatlashini aytdi.
Ommaviy so’rovlar bilan shug’ullanuvchi tashkilot vakili Greg Smit yaqinda mormonlar haqida izlanish olib borgan.
Oqim ommaviylashib bormoqda. Amerikaliklar ularni, e’tiqodlarini tan olishlarini istashadi, deydi olim.
Mormonlar nazarida munosabat hozir unchalik ijobiy emas. Kamsitish bor.
"Bizga kelganda odam tanlashadi, deya shikoyat qiladi ko’plari. Uchdan ikki qismini amerikaliklar qabul qilmas, ularni Amerika jamiyatining bir bo’lagi deb hisoblashmas ekan", - deydi Greg Smit.
Iso Masixning So’nggi kunlar avliyolari cherkovi 19-asrda Amerikada tashkil topgan.
Ularning payg’ambari Jozef Smit degan odam bo’lib, 1844-yilda o’ldirilgach, oqimga sig’inuvchilar ta’qibga uchragan.
Texaslik ruhoniy Robert Jeffress Mitt Romnining nasroniy ekanidan shubhalangan edi. Aksariyat injilchi protestantlar mormonlarni xristian deb bilmaydi.
"Mormonlik bu bid’atdir", - deydi Jeffress.
Deyv Kuk bunday hujumlar asossiz, deydi. Uning aytishicha, mormon prezident bo’lsa, bundan Amerika naf ko’radi.
"Biz judayam vatanparvarmiz. Shunga chuqur ishonamizki, Amerika asoschilari xudojo’y bo’lgani uchun bu mamlakatga asos solgan", - deydi u.
Ijtimoiy so’rov natijalariga ko’ra, mormonlarning aksariyati Respublikachilar partiyasiga xayrixoh, oilada ayol kishiga uy bekasi roli ajratilgan an’anaviy oilaviy munosabatlar tarafdori. Ammo, deydi Deyv Kuk, otaning ham o’z o’rni bor.
Your browser doesn’t support HTML5