Shu hafta Saudiya Arabistonida haj boshlanar ekan, Makkaga bir yarim milliondan ziyod musulmon yig'ilgan.
Amerikada esa yosh musulmonlar bu ziyorat haqida o'rganmoqda. Virjiniya shtatidagi "Dorul Hijra" masjidi xodimi Hafsa Abdulrahmon bolalarni dam olish kunlari to'plab, Makkada bo'ladigan jarayonni tasviriy ravishda ko'rsatishga harakat qildi. Xonani Makka deb faraz qilib, o'zlari tayyorlagan "Ka'ba"ning atrofida bir necha bor aylanishdi. Haqiqiy haj aslida 5-6 kunda ado etiladi.
"Ularga hajni his qilishga, yaxshiroq tasavvur etishga imkon beramiz. Ota-onalari ham kelib, bilmaganlarini o'rganib olishadi. Haj tarixi haqida ham hikoya qilamiz", - deydi Hafsa.
Hafsaning o'zi o'smirligida hajga borib kelgan.
"O'shandan keyin hayotim butunlay o'zgardi desam, mubolag'a bo'lmaydi. Amerikada o'ralgan musulmon ayol o'zini begonaday his qiladi. U yerda esa butun yer yuzidan to'plangan minglab bir xil kiyingan ayollar va erkaklarni ko'rganda buni his etmaysiz", - deydi Hafsa.
Masjid qoshidagi madrasaga qatnaydigan bolalar so'nggi bir necha dam olish kunlarida haj loyihasi ustida ishladi. Saudiya Arabistonining Mina shahrida bo'ladigan shaytonga tosh uloqtirish marosimini ham masjidda palatkali shaharcha maketini yasab, sahnalashtirdilar.
Hafsa Abdulrahmon bolalarning bir nechtasi haqiqiy hajda bo'lgan, deydi.
"Mana shunday mashg'ulotlar orqali hajga bormagan bolalar qalbida mehr bilan voyaga yetib, kelajakda pul to'plab, haqiqiy haj safarini ado etadi, degan umiddaman", - deydi muallima.