Shimoliy Karolinada o'ldirilgan musulmonlar e'tiqodi uchun otilganmi?

  • Amerika Ovozi

O'ldirilgan talabalarning oilasi

AQShning Shimoliy Karolina shtatida sud hay'ati mahalliy universitetda uch musulmonni otib o'ldirgan 42 yashar Kreg Xiksni qotillikda ayblamoqda. Ayblanuvchi qurbonlarning qo'shnisi bo'lgani aytiladi. 4-mart kuni sud ishini davom ettiradi.

Politsiya qotillik diniy sabablarga ko'ra sodir etilganiga doir dalil topa olmaganini ma'lum qilmoqda. Xabarlarga ko'ra, Xiks qo'shnilari bilan avtomobilni qo'yadigan joy uchun talashgan.

Biroq Amerikadagi musulmon jamoalar qotillik ortida diniy sabablar bor, deya ta'kidlamoqda.

"Matbuot bu ishni bizga qanday ta'riflayotganiga qaramay, bu nafratga asoslangan jinoyat. Qotil aynan shu ayblov asosida jazo olmaguncha, tinchimaymiz", - deydi qurbonlar xotirasiga Vashingtonda o'tkazilgan marakaga kelgan odamlardan biri.

Jinoyat adovat tufayli sodir etilgani isbotlansa, jazo kattaroq bo'lishi mumkin. Qurbon bo'lgan musulmonlardan ikkisi opa-singil bo'lgan, uchinchisi esa birining turmush o'rtog'i edi.

Opa-singillarning otasi Muhammad Abu Salha talabiga ko'ra, Federal qidiruv byurosi bu ish bo'yicha alohida tergov ochgan.

AQShda irqiy adovat sabab qotilliklar sodir etib turiladi. Ayniqsa, qora tanli jamoa politsiya nishoni ekanidan shikoyat qiladi.