Syuzan Rays - Obamaning xavfsizlik bo’yicha yangi maslahatchisi

  • Amerika Ovozi
Prezident Barak Obama davlat xavfsizligi bo’yicha yangi maslahatchi tanladi – to’rt yildan beri AQShning BMTdagi elchisi bo’lgan Syuzan Rays.

Your browser doesn’t support HTML5

Syuzan Rays - Obamaning xavfsizlik bo’yicha yangi maslahatchisi/Shohruh Hamro


Birlashgan Millatlar Tashkilotida 2009-yildan beri elchilik qilib kelgan Syuzan Rays Tom Donilon o’rniga prezident Obamaning davlat xavfsizligi masalalari bo’yicha maslahatchisi lavozimiga tayinlandi.

Rays Vashington siyosiy doiralarida murakkab shaxs sifatida tanilgan, lekin yetakchilik nimaligini tushunadi, deydi Obama:

“Syuzan mehnatsevar, yurtini birinchi o’ringa qo’yadigan vatanparvar. Dovyurak va qat’iyatli. Tennis va basketbolda ham chakki emas”.

Syuzan Rays boshidan Obamaga maslahatchilik qilgan. Uning yaqin maslakdoshlaridan biri sifatida tanilgan.

U, shuningdek, Bill Klinton prezidentligi davrida Milliy xavfsizlik kengashida Afrika uchun mas’ul edi. 1994-yili Ruanda qatliomini to’xtatish uchun AQSh biror chora ko’rmagani uchun ko’p tanqidga uchragan.

Ana o’sha voqea harbiy aralashuv masalasida qarashlarimni butunlay o’zgartirgan, deydi diplomat.

Syuzan Rays Liviyada harbiy parvozlarni man etishda yetakchi rol o’ynagan. Operatsiya natijasida Muammar Qaddafiy keyinchalik hokimiyatdan ag’darildi.

AQShning Liviyadagi konsulligi hujumga uchraganida Rays uni rejalanmagan hamla deya tasvirlagani uchun respublikachilar tanqidiga sabab bo’lgan edi. Voqea keyinchalik terakt deb baholangan. Janjal oqibatida Rays davlat kotibi lavozimiga nomzodlikdan voz kechdi. Milliy xavfsizlik bo’yicha maslahatchi bo’lish uchun Senat tasdig’idan o’tish talab qilinmaydi.

“Amerika oldida imkoniyatlar serob, ulardan omilkorlik bilan foydalanish kerak. Muammolar ham talay. Xalq bizdan yechimlar kutayapti”, - deydi Rays.

BMT elchiligiga Obama Samanta Pauersni nomzod etib ko’rsatdi. Professor Pauers demokratiya va inson huquqlari himoyasi bilan bog’liq sohalarda katta tajribaga ega.

“U BMT faoliyatini ipidan ignasigacha biladi. AQSh qancha ko’p do’st orttirsa shuncha ko’p narsaga erisha olishini, o’z tamoyillarimizga sodiq qolishimiz kerakligini yaxshi tushunadi”, - deydi AQSh rahbari.

Bu o’zgarishlar Obama ma’muriyatining tashqi siyosatida qanday aks etishini hozirdan aytish qiyin.

Tahlilchi Lorens Korb fikricha, Suriyadagi isyonchilarni qurollantirish masalasi bir yoqlama bo’lsa ajabmas.

“AQSh Suriya muxolifatiga harbiy yordamni oshiradi, deb o’ylayman. Hozir ularga faqatgina gumanitar madad berayapmiz”, - deydi ekspert.

Syuzan Rays prezident Obamaning Yevropa va Afrikaga qilajak safarlaridan keyin ishga kirishadi.