Tramp: NATO ortiq eskirgan tashkilot emas

  • Amerika Ovozi

AQSh Prezidenti Donald Tramp (o'ngda) NATO Bosh kotibi Yens Stoltenberg bilan Oq uyda, 12-aprel, 2017-yil, Vashington, AQSh.

AQSh Prezidenti Donald Tramp NATO o'z vazifasini bajarib bo'lganini aytishidan uch oy o'tib harbiy alyansni "ortiq eskirgan tashkilot emas" deb e'lon qildi.

"Bosh kotib va men terrorizmga qarshi kurashda NATO yana nimalar qilishi mumkinligi haqida mazmunli suhbat o'tkazdik, - dedi Tramp NATO rahbari Yens Stoltenberg bilan o'tgan uchrashuv ortidan. - Ancha avval bu haqda shikoyat qilgan edim. Ular o'zgarish qilib, endi terrorizmga qarshi ham kurashadigan bo'ldi. Tashkilot eskirgan degan edim, endi unday emas".

Tramp ayni paytda NATOning boshqa a'zolari mudofaa uchun yetarli darajada mablag' ajratmayotgani haqidagi tanqidini yana bir bor tilga oldi.

"NATO a'zolari o'z moliyaviy burchlarini bajarib, qarzlarini to'lashi kerak. Ko'pi bunday qilmayotgan edi", - dedi AQSh rahbari.

Barcha NATO a'zolari 2024-yilgacha yalpi ichki mahsulotlarining 2 foizini mudofaa uchun ajratishga kelishib olgan edi. Ammo a'zolarning faqat ayrimlari bu shartni bajara olmoqda, xolos. AQSh yalpi ichki mahsulotining 3 foizini mudofaa uchun ajratayotgan bo'lsa, Germaniya 1,2 foiz sarflaydi.

"Bu ishga kelganimdan beri majburiyatlarni adolatli bo'lishib olishni ta'minlash mening eng muhim vazifam bo'lib keldi. Hozir shunga erishyapmiz", - dedi NATO Bosh kotibi Yens Stoltenberg.

Tramp va Stoltenberg uchrashuvida Rossiya ham tilga olingan.

"Bizga yangi sovuq urush kerak emas. Yangi qurollanish poygasini ham istamaymiz. Kuchli NATO va Rossiya o'rtasida siyosiy muloqot bo'lishida hech bir ziddiyat ko'rmayapmiz", - dedi Stoltenberg.

AQSh Davlat kotibi Reks Tillerson bugun Moskvada Rossiya Prezidenti Vladimir Putin va Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov bilan uchrashdi. Uchrashuvda Tillerson Putinga AQSh-Rossiya aloqalari "quyi nuqtada" ekanini aytgan.

AQSh Suriyadagi harbiy havo bazasini o'qqa tutgandan beri Vashington-Moskva aloqalarida keskin sovuqlashish yuz bergan edi.

Tramp va Stoltenberg o'zaro uchrashuvda global terrorga qarshi kurash choralarini ham muhokama qilgan. NATO Afg'onistonda 2003-yildan beri 11 yil davomida xalqaro xavfsizlik kuchlariga yetaklchilik qildi.

Tramp bugun Afg'onistonga milliy xavfsizlik bo'yicha maslahatchisi general H.R. Makmasterni jo'natayotganini ham ma'lum qildi. AQSh rasmiysi Kobulda afg'on hukumati va NATO bilan birgalikda yangi hamkorlik istiqbolini muhokama qiladi.