Amerika sog’liqni saqlash tizimini isloh qilish haqidagi qonun konstitutsiyaga zidmi? Oliy sud bu masalani ko’rib chiqmoqda.
Bundan ikki yil avval prezident Barak Obama yetakchiligida qabul qilingan bu qonunga qarshilik kuchli, ayniqsa respublikachilar orasida. Sud iyun oyida hukm chiqaradi. Prezident saylovlari natijasiga ta’siri katta bo’lishi aniq.
Prezident Obama sog’liqni saqlash tizimini yangicha usulda yuritish haqidagi qonunni 2010-yil mart oyida, masala bir yil davomida muhokama qilinganidan so’ng imzolagan edi.
Natijada 30 million fuqaro tibbiy sug’urta olish imkoniga ega bo’ldi. Sug’urta kompaniyalari endilikda mijozlarni og’ir kasalligi sabab rad etishi mumkin emas.
Uning fikricha, Obama olg’a surayotgan tibbiy reformalar byudjet kamomadini yanada oshiradi va tibbiy xizmat sifatining pasayishiga olib keladi.
Respublikachilarning asosiy da’vosi shuki, amerikaliklarni 2014-yildan boshlab sug’urta sotib olishga majburlash davlat konstitutsiyasiga zid. 26 shtat sudga shikoyat qilgan. Oliy sud masalani aynan shu jihatdan ko’rib chiqmoqda.
Skott Vavrinchik bemorlarga buyrak dializi bo’yicha xizmat ko’rsatadigan tibbiy kompaniya xodimi.
“Tibbiy sug’urta sotib olish har bir kishining shaxsiy qarori. Bu huquq emas, balki sotib olinadigan xizmat”, - deydi u.
Yaqinda kollejni bitirgan Meron Sued bu fikrga qo’shilmaydi:
“Hozir ish topish juda qiyin. Xodimlarini tibbiy sug’urta bilan ta’minlaydigan kompaniyani topish undan-da qiyin. Mana shu yangi qonun tufayli men hozir ota-onamning sug’urtasidan foydalanyapman, mendaylarga juda qulay”.
“Bu qonunni bekor qilishni talab qilayotganlar nimani o’ylayapti o’zi?! Ular ko’plab amerikalikar uchun hayot emas, o’limni tanlayapti”.
Sog’liqni saqlash islohoti Obamaga prezidentlikni qo’lga kiritishda yordam bergan masalalardan biri. Bu yilgi saylovda ham u asosiy o’rin egallaydi.
Oliy sud uni bekor qilsa, bu respublukachilarga qo’l keladi. Kuchda qoldirsa, Obama g’alaba qozondi deyavering.