BMT Bosh kotibi Pan Gi Mun bugun Isroil va Falastinga ikki kunlik safarini boshlaydi. Hududda mana bir necha oydirki, to'qnashuvlar, qo'qqisdan pichoqlab ketishlar tinmayapti.
Safardan oldin Pan Gi Mun isroillik va falastinliklarga video-murojaat yo'lladi va har ikki tomonning e'tiroz-xavotirlarini tushunishini urg'uladi. Biroq terror va g'azabdan tiyilaylik, deya undadi Pan Gi Mun.
BMT rahbari Falastin rahbariyatini xalqni junbushga keltirayotgan hissiyotlarni tinch yo'lga yo'naltirishga da'vat etmoqda. Murosa qilaylik, siyosiy yechim topaylik kelishmovchiliklarga, deydi u.
"Passiv bo'ling, demayman. Lekin qo'lga qurol olmang", - dedi Pan Gi Mun.
Isroilga murojaat qilar ekan, BMT bosh kotibi tichlik va barqarorlikni devorlar bilan ta'minlay olmaysiz, deya eslatdi.
Isroil va Falastin o'rtasida bot-bot qatnayotgan Davlat kotibi Jon Kerri ham shu hafta mintaqada bo'lib, vaziyatni tinchlantirishga urinadi.
Bu orada, Isroil xavfsizlik kuchlari bugun Hamas rahbarlaridan biri Hasan Yusufni hibsga olgan. Isroil harbiylari uni nafrat urug'ini sochganlik, isroilliklarga qarshi hujumlarni targ'ib qilganlikda ayblamoqda.
Isroil politsiyasi, shuningdek, Iordan daryosining g'arbiy sohilida o'tgan yili avtobus bekatiga mashinasini urib, bir ayolni o'ldirgan falastinlikning uyini buzib tashlagan. Hujumni sodir etgan shaxs o'tgan yili otib o'ldirilgan edi.
Oy boshida Bosh vazir Benyamin Netanyaxu terrorchilar deya ko'rilayotgan bu odamlarning uylarini tezda buzib tashlashga undagan. Bosh vazir, shuningdek, Quddus va G'arbiy sohilda xavfsizlik kuchlari sonini ham oshirgan. Bundan tashqari, terrorda gumon qilingan shaxslarni sudsiz tezda qamashga da'vatlar ham yangramoqda.