AQSh falastinliklarga yordamini to'xtatmoqchi

  • Amerika Ovozi

Qoshma Shtatlar BMTning falastinlik qochqinlar bilan ishlovchi agentligini moliyalashtirishni to’xtatishga qaror qildi. Kelajagi shu agentlikka bog’liq bo’lib turgan falastinliklar qattiq tashvishda. Prezident Tramp ma’muriyati da'vosiga ko'ra, tashkilot ishlash o'rniga ishchilari sonini oshirish bilan band bo'lgan. BMT esa bu ayblovlarni inkor etib, falastinliklarning doimiy qochoqqa aylanib qolishida Isroil-Falastin mojarosini tinch yo’l bilan hal eta olmagan xalqaro hamjamiyatni aybladi.

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot - 4-sentabr, 2018 - Falastinliklarga yordam taqdiri

​Iordaniya poytaxti Ummon shimoli bo’ylab yoyilgan Baqa'a lagerida 100 mingdan ortiq qochoq yashaydi. Ularning ba’zilari 1968-yil, lager ochilganidan beri shu yerda, ba’zilari shu yerda tug’ilgan.

“Lagerda odam juda ko'p. Ular qayerga boradi, qanday yashaydi, nima yeb kun ko’radi? Bolalar BMTning falastinlik qochqinlar bilan ishlovchi agentligi (UNRWA) dasturi bo’lmasa, qanday ta’lim oladi? ”, - deydi falastinlik Zaynab al-Ardaba.

Baqa'a lageri Iordaniya, Livan va boshqa Yaqin Sharq davlatlarida BMT dasturi qaramog’idagi lagerlardan biri. Tashkilot xarajatlarining uchdan bir qismini AQSh qoplaydi. Moliyaviy ahvoli tang bo’lib turgan boshqarma Qo’shma Shtatlarning ulushisiz o’z dasturlarini amalga oshirishi amri mahol.

“526 ming bola agentlik dasturlari orqali ta’lim oladi. 1,7 million odam oziq-ovqatga muhtoj; ularning bir millioni G'azoda. 3,5 million odamga tibbiy xizmat ko’rsatamiz. Bu odamlar o’ta achinarli qarorning qurboni bo'lishi mumkin”, - deydi agentlik so’zlovchisi Kris Ginness.

Tramp ma’muriyati o’tgan hafta tashkilot sa’y-harakatlarini samarasiz deya hamkorlikni to’xtatishini e’lon qildi.

Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu Trampning qarorini olqishladi.

“Qochoq bo'lishidan manfaatdor agentlikni moliyalashtirishni to’xtatib, Qo’shma Shtatlar muhim ishga qo'l urdi. Nihoyat muammoni hal qlish ishlari boshlanyapti”, - dedi u.

BMTning falastinlik qochqinlar bilan ishlovchi agentligi rahbari Piyer Kraenbul bu da'voni asossiz deb hisoblaydi.

“70 yildan keyin ham falastinliklar hanuz qochoqlikda yurganiga aslida xalqaro hamjamiyat aybdor.Ularning holatini hech qanaqasiga agentlik faoliyati bilan bog’lab bo’lmaydi. Nizoni hal qilish uchun aslida siyosatni yangilash kerak. Insonparvarlik yordami ko’rsatayotganlarni ayblash bilan nizoni bartaraf etib bo’lmaydi”, - dedi u.

70 yil avval Isroil davlati tashkil etilganda 750 ming aholi o’z yerlaridan majburan haydalgan. Kelishmovchiliklar va tug’ilishlar hisobiga bu aholi besh milliondan ortgan. 1948-yilgi Arab-Isroil urushida uyidan ajralganlar va ularning avlodlari xalqaro tashkilotlar yordamiga muhtoj. Falastikliklar bunday nochorlikda, ehson kutib yashashni emas, o’z yerlariga, vataniga qaytishni istaydi. Biroq Isroil hukumati bosib olingan yerlarni va u yerdagi uylarni arablarga qaytarish niyatida emas.