AQShning Afrikadagi maqsadlari nimadan iborat?

  • Amerika Ovozi

Siyosiy tahlilchilar Xitoy, Rossiya va AQSh rasmiylarining yanvar oyida Afrika mamlakatlariga odatdagidan ko’proq qatnaganiga e’tibor qaratadi. Qo’shma Shtatlar qit’aga e’tiborining kuchayishi Afrika davlatlarini Rossiyaning Ukrainadagi bosqini va Xitoyning Afrikadagi maqsadlarini qo’llab-quvvatlamaslikka ko’ndirish bilan bog’liq ekanini rasman tan olmaydi.

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot - 27-yanvar, 2023-yil

Prezident Jo Bayden Afrikaga joriy yilda borish istagini bildirgan.

“Afrika bilan hamkorligimizning boshqa mamlakatlarga daxli yo’q. Qo’shma Shtatlar Afrika mamlakatlarini haqiqiy hamkor deb biladi va ular bilan o’zaro hurmat asosida munosabatlar o’rnatmoqchi. Bu haqda AQSh-Afrika rahbarlari sammitida ham aytilgan”, - deydi Oq uy matbuot kotibasi Karin Jan-Pyer.

Afrika Ittifoqi komissiyasining raisi Muso Faki Mahamatning aytishicha, asrlar davomida Yevropaning mustamlakasi bo’lgan Afrika hech bir mamlakatga yugurdak bo’lmaydi.

"Afrika ta’sir uchun kurash maydoni bo’lmaydi. Tamoyillarimiz, ustuvor vazifalarimiz va manfaatlarimiz hurmat qilingunga qadar hamma bilan hamkorlik va sheriklik qilishga tayyormiz. Xitoy bilan sheriklik ham mana shu tamoyillar asosida tashkil etilgan”, - deydi u.

Afrikaga yaqinda borib kelgan AQSh Moliya vazirasi Janet Yellenning aytishicha, yirik raqib davlatlar bir-birining faoliyatidan xabardor.

"Afrikadagi ko’p mamlakatlar katta qarzga botgan va bu so’zsiz muammodir. Qarzning katta qismi Xitoyning Afrikadagi sarmoyalari bilan bog’liq. Bu haqiqatdan iborat bayonot. Biz bunday siyosatdan yiroqmiz. Xitoy bilan raqobatlashmoqchi ham emasmiz. Biz Afrika bilan munosabatlarni kuchaytirmoqchimiz”, - dedi rasmiy.

Ayrim tahlilchilar bu ikki maqsad – haqiqiy sheriklik va yirik davlatlar o’rtasidagi raqobat bir-birini istisno qilmasligini aytadi.

"Bir paytning o’zida uni ham, buni ham qilsa bo’ladi. Biz shu haqiqatni tan olmayapmiz. Biz masalaning faqat bir tarafini tan olyapmiz, ya’ni Afrika taraqqiy etishini xohlashimizni. Ammo masala bundan ancha murakkabroq”, - deydi Afrika bo’yicha vashingtonlik tahlilchi Kameron Xadson (Strategik va xalqaro izlanishlar markazi).

Mutaxassislar Xitoy rivojlanayotgan mamlakatlarda infratuzilmani qurishga qaratilgan “Kamar va yo’l” tashabbusi uchun dunyo bo’ylab 1 trillion dollardan ortiq pul sarflaganini aytadi. Shu bilan birga, Pekin mana shu mamlakatlar ichki siyosatiga aralashmasligini ta’kidlab keladi.

O’tgan yil oxirida Xitoyda tashqi ishlar vaziri lavozimida ish boshlagan Tsin Gan ilk xorijiy safarini Afrikadan boshladi. U Afrikani Sovuq urush paytida bo’lgani kabi mafkuraviy jang maydoni sifatida ko’rmasligini aytdi.

"Hech bir davlat, hech kim Afrika mamlakatlari va xalqlarini yon bosishga majburlay olmaydi. Afrika yirik mamlakatlar o’rtasidagi raqobat uchun maydon emas, xalqaro hamkorlik uchun platforma bo’lishi kerak”, - dedi u.

Yaqin kunlarda AQShning BMTdagi elchisi ham qit’aga borishi mumkin. Linda Tomas-Grinfild oldin Davlat departamentida Afrika bilan shug’ullanuvchi idorani boshqargan.

Undan keyin esa Baydenning tashrifi kutilmoqda. Oq uy bu haqda hozircha rasman e’lon qilgani yo’q.

Bayden Ukrainadagi mojaroni demokratiyalar va avtokratiyalar o’rtasidagi kurash deya ta’riflab keladi. Tahlilchi Xadson Afrikada demokratik yutuqlar qo’ldan boy berilayotgan bir paytda qit’aga safari chog’ida Bayden bunga urg’u berarmikan deya so’raydi.

“Yoki bo’lmasa Bayden bunga ko’z yumib, Vashingtonga BMTda yoki keyinchalik siyosiy foyda keltirishga qaratilgan aloqalarni o‘rnatishga qo’l urarmikan?”, - deydi u.

Prezident tamoyilga sodiq bo’ladimi yoki pragmatik yo’l tutadimi, buni vaqt ko’rsatadi.