Hukumat qanchalik nazorat qilmasin, dori suiiste’moli Amerikada har yili minglab odamlarning hayotiga zomin bo’ladi. Og’riqni qoldiruvchi, asab va kayfiyatga ta’sir qiluvchi kuchli vositalarga mukkasidan ketganlar ayniqsa yoshlar orasida juda ko’p.
Los Anjeles shahri yaqinidagi Malibu tibbiy markazidamiz. Bemorlar yoga va boshqa mashg’ulotlar orqali depressiya - ruhiy tushkunlikni yengishni o’rganmoqda. Murabbiy Shennon Skott bir paytlar kuchli dorilarsiz yashay olmas edi:
“Vikodin” – kuchli stimulyant dori. U menga energiya berardi, kuch baxsh etardi. Kuni bilan charchoq nimaligini bilmay, yuraverardim. “Ksanaks” esa, aksincha, odamni tinchlantiradi. Bir-biriga zid ikki dorini doimo ichib yurgan odamni bir tasavvur qilling! Hayotimni ularsiz tasavvur qilolmasdim”.
AQSh Sog’liqni saqlash vazirligiga ko’ra, 2008-yilda bevaqt o’limning asosiy sababi doridan zaharlanish bo’lgan. Bunday hollarning 90 foizida retsept bilan berilgan vosita o’limga olib borgan. Og’riqqa qarshi dorilardan nobud bo’lganlar so’nggi 10 yilda uch barobar oshdi.
Meri Enn Gann sudya sifatida bu muammo bilan yaqindan shug’ullangan.
U “Sudya Gann bilan so’nggi muloqot” deb nomlangan televizion ko’rsatuv muallifi. Dastur dori-darmonning salbiy ta’siri haqida.
“1999-yilda asosiy muammo metamfetamin edi. U mamlakatni xuddi saraton kasalligidek qamrab oldi. Biz unga qarshi kurash boshladik va hamon kurashayapmiz. Afsuski, so’nggi yillarda retsept bilan olinadigan dorilarga tobelik yanada kuchaydi”.
Bu tuzoqqa tushish oson, deydi Janubiy Kaliforniya Univesitetidan farmakolog-olim Jeyms Adams.
“Los Anjeles ko’chalaridagi geroin qurbonlari haqida gapirmayapman men. Gap oddiygina bir odamning “Fresno” kabi kichik bir shaharda oksidon, gidrokodon yoki morfindan o’lishi haqida ketyapti.”
AQShda 90 million odam doimiy og’riq bilan yashaydi. Semiz va keksa yoshdagilarning aksariyati artritdan azob chekadi.
O’griqqa qarshi kuchli dori emas, jismoniy va ruhiy mashqlar orqali kurashish kerak, deya maslahat beradigan mutaxasssislar ko’p. Masalan yoga, yurish, yugurish va umuman badantarbiya. Yana bir yo’li dori iste’moli ustidan nazoratni oshirish.