AQSh xususiy sektordagi hamkorlari bilan birgalikda “Islomiy davlat” terror guruhining ijtimoiy tarmoqlardagi faoliyatiga qarshi kurashmoqda.
Ekstremistlar Iroq va Suriya jang maydonlarida chekinayotganiga qaramay, so’nggi paytlarda internetdagi faoliyatini jadallashtirgan. Internet orqali jihod mafkurasi targ’ib qilinmoqda, to’da yangi jangarilarni yollamoqda. Bu borada "Telegram" aloqa applikatsiyasi katta ahamiyat kasb etadi.
Obama ma’muriyatining so’nggi choralaridan biri "Google" kompaniyasi hamkorligida amalga oshirilmoqda. "YouTube" video platformasi orqali reklama algoritmlari yordamida “Islomiy davlat”ning yangi jangarilarni yollash urinishlariga chek qo’yilyapti.
Kelasi oyda ishga tushishi kutilayotgan kompyuter programmasi internet foydalanuvchilari muayyan so’zlarni izlaganda ishlay boshlaydi va ekranga reklamani chiqaradi. Maqsad – “Islomiy davlat” tarqatayotgan materiallarga qiziqish bildirgan foydalanuvchilarni nishonga olish, deydi ekspertlar.
Reklamada taniqli odamlar “Islomiy davlat”ni qoralovchi bayonotlar beradi.
“Fuqaro jurnalistlar, imomlar va ekstremistlar to’dasini tark etgan odamlar “Islomiy davlat” o’rtaga tashlayotgan savollarga javob bera oladi”, - deya tushuntiradi ushbu kompyuter programmasini ishlab chiqqan va loyihani boshqarayotgan “Jigsaw” kompaniyasidan Yasmin Grin. “Jigsaw” "Google" kompaniyasiga tegishli.
“Islomiy davlat”ga qarshi qaratilgan materiallarni uyg’unlashtiramiz”, - deydi internetda ekstremist mafkuraga qarshi kurashayotgan “Moonshoot CVE” texnologik kompaniya rahbari Ross Frenett.
AQSh hukumatiga ko’ra, bu loyihadan xususiy sektor bilan hamkorlik qilish naqadar muhimligi ayon bo’ldi. Manfaatlar hamohang, - deydi Davlat departamentidan Richard Stengel.
"Twitter" tarmog’i o’tgan yilda terror guruhlari bilan aloqada bo’lgan 360 ming foydalanuvchining hisoblarini yopgan edi.
“Islomiy davlat” o’z faoliyatini "Telegram" kabi kodli platformalarga ko’chirar ekan, AQSh rasmiylari texnologiya kompaniyalarining ekstremizmni targ’ib qilayotganlarni aniqlash strategiyasi ham o’zgarishi kerak, deydi.
“Jigsaw” kompaniyasi qo’llayotgan yangi uslub juda samarali, chunki u “Islomiy davlat”ni mana shu kichik makonda ovlamoqda”, - deydi Stengel.
AQSh ko’rayotgan choralar Yevropada ham aks-sado bermoqda. Ko’pgina mamlakatlar “Islomiy davlat” to’dasiga qarshi internetda kurashni jadallashtirgan.
“Masala ustida ishlayotgan olim va ekspertlar ko’p. Yevropa davlatlari hukumatlari tegishli choralar ko’ra boshlagan. Bu choralar AQSh hukumati manfaatlari bilan uyg’un ekan, ular bilan hamkorlik qilish lozim”, - deydi Kanadadagi Genotsid va inson huquqlari tadqiqotlar markazidan tahlilchi Mari Lamensh.
Biroq ko’rilayotgan choralar - xamir uchidan patir, hamon ilk bosqichda.
“Bu federal hukumat va sanoat yuz tutgan eng jiddiy muammo”, - deydi AQSh Ichki xavsizlik vazirligidan Jorj Selim.